Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hilol Nasimov: Muhammad Yusufni bilmaydigan rejissyor xalqqa nima bera oladi?
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, rejissyor Hilol Nasimov xususiy kinostudiyalarda olinayotgan filmlarga o‘z munosabatini bildirib, ularni, har doimgidek, “saviyasizlik”da aybladi hamda namuna tarzida o‘z filmlarini keltirdi, deb yozadi "Darakchi" nashri.
“Yaqinda bir anjumanda shoir Muhammad Yusuf haqidagi film namoyish tugagach, xususiy kinostudiyaning rejissyori o‘rnidan turdi-da, “Shunday shaxs bo‘lgan ekan, bugun bu yangilikni kashf qildim”, dedi. Buyuk ijodkorni bilmasligidan lol qoldim. Shu “rejissyor”ning filmlari xalqqa biror nima bera oladi, deya olamizmi?”, – savol beradi ijodkor.
Uning fikricha, xususiy kinofilmlar ijodkorlari milliy urf-odatlarni “yerga urmoqda”:
“Urf-odatlarimizga zid sahnalar g‘ashingizni keltiradi. Masalan, ayrim kinokartinalarda ota-ona ekishdan kirib kelsa-da, yalpayib o‘tiradigan qizlar ko‘rsatiladi. Yoki kattalarsiz dasturxonga qo‘l uzatadigan yoshlar. Tur, repetitsiya qilamiz, deb sovchilar yoniga patnis ko‘rtarib, choy olib kirishni mashq qildirgan otalarni qaysi xonadonda ko‘rgansiz? Rejissyorlarimiz qachongacha urf-odatlarimizni yerga urishadi?”.
Bunday filmlarda ishtirok etayotgan aktyorlar ham Hilol Nasimovning tanqididan chetda qolishmadi.
“Aktyorlar borasida so‘z ketganda, saviyasiz filmlarda suratga tushishdan o‘zini tiyolmayotgan aktyorlarimizga achinaman, – ta'kidladi u. – Bir necha yillar avval O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Shodiyeva bilan suhbatlashib qolganimizda, “Nega meni filmlaringizga chaqirmaysiz?” deb qoldi. Shunda “Katta ekranlardan tushmay qoldingz-ku, sizga yaqinlashishga qo‘rqaman”, dedim hazil aralash. “Ular xususiy kartinalar-ku. Tirikchilik uchun ham ularda suratga tushaman-da”, dedi”.
Shunga qaramay, rejissyor O‘zbekiston kino san'atini xorijiy davralarda himoya qilib chiqqanini, masalan, “Kinoshok” festivalida Ali Hamroyevning tanqidlariga javob berganini tan oldi.