Jamiyat | 18:38 / 23.09.2015
4913
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Rossiyada go‘daklarning murdalari ko‘chalardan topilishi hollari ko‘paymoqda

Ushbu oyda Rossiyaning turli burchaklarida yangi tug‘ilib, onalari tomonidan tashlab ketilgan chaqaloqlarning jasadlari topilish holatlari ko‘p kuzatildi. 17 sentabrda Moskvada nafaqaxo‘r ayol chiqindi qutisida go‘dak murdasini topib oldi.

Shunday holat 8 sentabr kuni Nijniy Novgorodda ro‘y bergandi. 1 sentabr kuni esa Zelenchukda uzoq muddat bino ichida yotgan murg‘ak bola qoldiqlari topildi. 31 avgust kuni ham Moskvada shunday holat yuz bergandi.

2010-2013 yillarda Rossiyada onalar tomonidan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq 430 jinoyat sodir etilgan. Jurnalistlar va tahlilchilarning ta'kidlashicha, bu mamlakatdagi jiddiy muammolardan biriga aylanishi mumkin.

Tahlilchi Aleksandra Fedotovaning ta'kidlashicha, bunday holatlarda bolalarning hayotini saqlab qolishning eng oson yo‘li o‘ziga xos beybi-bokslar o‘rnatishdir. Homiladan yoki farzandidan qutulishni istaydigan qizlar soni bugungi jamiyatda borgan sayin ko‘payib bormoqda ekan, ham onalarning, ham bolalarning manfaatlarini e'tiborga olish lozim, deb hisoblaydi u.

Beybi-bokslar tibbiy yoki diniy tashkilot devoridagi kichikroq oynacha bo‘lib, onalar u yerda bolalarini tashlab ketishlari mumkin bo‘ladi. U yerda kameralar ham, qo‘riqchilar ham bo‘lmaydi, lekin onalarga yordam ko‘rsatish markazi ishonch telefonlari ishlab turadi. Ayrim onalar uchun bu o‘z qarorini o‘zgartirish imkoniyati ham bo‘lishi mumkin. Agar bolaga tan jarohati yetkazilmagan bo‘lsa, politsiya uning onasini ta'qib qilmaydi. Agarda ona fikridan qaytsa, o‘z qarindoshligini isbotlash yo‘li bilan farzandini olib ketishi mumkin bo‘ladi.

Rossiyada bunday oynalar 2011 yilda bir qancha xayriya tashkilotlar kuchi bilan o‘rnatila boshlangan. Ayni paytda mamlakatning 11 viloyatida 20 beybi-boks o‘rnatilgan. Bu vaqt ichida ularga 34 bola tashlab ketilgan.

Shunga qaramay, ayrim siyosatchilar va faollar bunday xizmatning joriy etilishiga qarshi chiqmoqda. Ular orasida Rossiya prezidenti huzuridagi bola huquqlari bo‘yicha mas'ul Pavel Asxatov bor. Uning fikricha, bu go‘yoki federal qonunchilikka zid keladi, negaki “har bir bola o‘z ota-onalari kimligini bilishga haqli, bu huquqiy rasmiylashtirilishi lozim”.

Ekspert Yelena Kotovaning ta'kidlashicha, bunday qarama-qarshiliklarga an'anaviy qadriyatlar va bolalarni saqlab qolish zarurati to‘qnash kelishi sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish