Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston TIV: Suriya bo‘yicha navbatdagi muzokaralar oktabrda Ostonada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda
Suriya bo‘yicha navbatdagi muzokaralar oktabrda yana Ostonada o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda TASS axborot agentligi muxbiriga Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligida ma'lum qilindi.
Vazirlikda Qozog‘iston “Suriyadagi vaziyat yuzasidan jiddiy xavotirlanish” bildirayotgani ta'kidlab o‘tildi.
Shu munosabat bilan respublika rahbariyati Suriya muholifati vakillaridan Qozog‘istonga kelib tushgan murojaat asosida muzokaralar uchun maydon taqdim qilish qarorini qabul qildi. “Biz bunday uchrashuvlar Suriyada qon to‘kilishi barham topishiga yordam beradi, deb umid qilamiz”, deb ta'kidlab o‘tdi TIV matbuot xizmati vakili.
Manba hali uchrashuv ishtirokchilari tarkibi haqida ma'lumotga ega emasligini ta'kidlab o‘tdi.
2015 yil may oyida ham Ostonada Suriya muholifati vakillari muzokarasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu uchrashuv natijalariga ko‘ra Ostona deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Muzokaralar ishtirokchilari Suriyadagi mojaro siyosiy yo‘l bilan hal qilinishi kerakligiga rozi bo‘lishgan edi.