Jahon | 10:51 / 25.09.2015
2731
2 daqiqa o‘qiladi

BMTda global rivojlanish bo‘yicha sammit ochiladi

25 sentabrda BMTda global rivojlanish bo‘yicha sammit ochiladi. Uch kun davomida 150 dan ortiq davlat yetakchilari va 30 dan ortiq vazirlari “Barqaror rivojlanish maqsadlari” hujjatini qabul qilishlari kerak bo‘ladi. Bu hujjat keyingi 15 yil uchun global faoliyat yo‘nalishini belgilab beradi.

2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibidagi vazifalarni kelishish bo‘yicha muzokaralar qariyb 3 yil davom etdi. Avgust boshida 2015 yildan keyingi global rivojlanish vazifalari yakuniy loyihasi BMTga a'zo davlatlar tomonidan ma'qullandi va 1 sentabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilindi. Hujjatda keyingi 15 yil ichida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan 17 ta vazifa belgilab olindi. Bunda ocharchilik va nochorlikka barham berish asosiy vazifalar sifatida qaralmoqda.

Qolgan vazifalar orasida sog‘lom turmush tarzi, hammabop va sifatli ta'limni ta'minlash; jinslararo tenghuquqlik; suv ta'minoti va kanalizatsiya bilan bog‘liq vaziyatning yaxshilanishi; ishonchli va zamonaviy energiya manbalarini taqdim qilish; barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish va munosib ish bilan ta'minlash; mustahkam infratuzilma qurish; mamlakatlararo va mamlakatlar ichidagi tengsizlik darajasini kamaytirish; aholi punktlari xavfsizligini ta'minlash;

iste'mol va ishlab chiqarishning oqilona modellarini tuzish; iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha shoshilinch choralarni qabul qilish; dengiz zaxiralaridan oqilona foydalanish va ularni saqlash; quruqlik ekotizimlarini tiklash; tinchliksevar va ochiq jamiyatlarning faoliyat yuritishiga ko‘maklashish; barqaror rivojlanishga erishish uchun vositalarni mustahkamlash kabilar bor.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish