Jahon | 20:02 / 25.09.2015
4449
2 daqiqa o‘qiladi

Makkada haj paytida qozog‘istonlik ayol yurak xurujidan halok bo‘ldi

Qozog‘istonda haj safariga boruvchi qozog‘istonlik yoshi katta ziyoratchilarga albatta biror yaqinlari hamrohlik qilishlari belgilab qo‘yildi, deb xabar bermoqda Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi matbuot xizmatiga iqtibos keltirgan holda nur.kz nashri.

Bu qoida Makkada haj paytida Mansurova familiyali 78 yoshli qozog‘istonlik ayolning halok bo‘lganidan keyin kiritildi. Keksa ayol Saudiya Arabistonidagi mahalliy shifoxonalardan birida yurak xurujidan jon berdi. Qayd etilishicha, keksa ayol haj safariga bir o‘zi yo‘l olgan.

Ma'lum qilinishicha, Mino vodiysida yuz bergan fojiada halok bo‘lganlar orasida qozog‘istonlik fuqarolar bo‘lmagan.

“Qozog‘istonliklarni hajga yuborish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalardan tezkor xabar olindi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar orasida qozog‘istonlik fuqarolar yo‘q. Qozog‘istonlik ziyoratchilar Jamarotga olib boruvchi ko‘prikning fojia yuz bergandan farqli boshqa yo‘li orqali harakatlanishgan. Oliy muftiy buyrug‘i bilan ziyoratchilar orasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Ziyoratchilarning sog‘lig‘i shifokorlar nazoratida. Ziyoratchilarning ahvolini nazorat qilish uchun Qozog‘iston vakillaridan komissiya tuzildi, uning tarkibiga Makkaga ziyoratchilarni yuborish bilan shug‘ullanuvchi firmalar va Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi vakillari kiritildi”, deb ma'lum qildi Qozog‘istonning Makkadagi vakili G‘ilimbek Majiyev.

Qozog‘iston TIV ma'lumotiga ko‘ra, ayni paytda Makkada 4 mingga yaqin qozog‘istonlik ziyoratchilar haj amalini ado etishmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish