Jahon | 20:16 / 26.09.2015
3736
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada portlamay qolgan Ikkinchi jahon urushi paytidagi bomba zararsizlantirildi

Germaniyaning janubidagi Lyudvigsxafen shahrida BASF kimyoviy zavodiga tegishli hududda portlamay qolgan Ikkinchi jahon urushi paytidagi bomba zararsizlantirildi, deb xabar bermoqda DPA agentligi.

Kompaniya xodimlari bombani avgust boshidayoq zavodning janubiy qismida tozalash ishlari olib borayotganlarida aniqlashgan.

Agentlikning ma'lum qilishicha, zavod bombani zararsizlantirish davomida o‘z ishini to‘xtatmagan, biroq xodimlarga bomba aniqlangan joyga 300 metrdan yaqinroqqa kelmaslik tavsiya etilgan.

Kompaniya vakili Sabrina van der Puettenning aytishicha, bombani zararsizlantirish 3 soatdan ko‘proq vaqt oldi va reja bo‘yicha o‘tdi.

Germaniyada har yili 5,5 mingga yaqin portlamay qolgan o‘q-dorilar yo‘q qilinadi. Ikkinchi jahon urushi paytida Germaniyaga hammasi bo‘lib 2 mln dan ko‘proq aviabomba tashlangan, ulardan taxminan 5 foizi, ya'ni 100 mingga yaqini portlamay qolgan.

Eng ko‘p miqdordagi bombalar Berlin (68 ming tonnadan ko‘proq), Gamburg (45 ming tonna) hamda Rur viloyatiga (162 ming tonna) tashlangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish