Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘istonda keksa kishilar hamrohlarsiz hajga borishi taqiqlanadi
Qozog‘iston musulmonlar diniy idorasi keyingi yildan Makkaga haj uchun boruvchi keksa yoshdagi kishilarga alohida kishilar hamrohlik qilishi kerakligini belgilab qo‘ydi.
Bu qarorga 24 sentabr kuni Mino vodiysida yuz bergan tiqilinch tufayli 78 yoshli qozohistonlik ayolning halok bo‘lgani sabab hisoblanadi. 31 kanal xabariga ko‘ra, ushbu ayol yurak xurujidan vafot etgan.
Hozirgi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu fojia vaqtida olamdan o‘tgan 717 nafar hojilar orasida Chad, Nigeriya, Senegal, Turkiya, Hindiston va Eron mamlakatlari fuqarolari bo‘lgan.
Qozog‘iston TIV dastlab tarqatgan xabarda bu tiqilinch vaqtida qozog‘istonliklar yo‘qligi aytilgandi. Lekin keyinroq bir nafar qozog‘istonlik keksa ayolning o‘limi haqida ma'lum qilindi.
Ayni vaqtda haj mavsumi munosabati bilan 4 mingga yaqin qozog‘istonlik Saudiya Arabistonida bo‘lib turibdi. Ulardan biri sayti bilan bog‘langan va vaziyat haqida axborot bergan.
"Ushbu fojia joyida biz ham bo‘lishimiz mumkin edi. Lekin bizning guruhimiz yon tomondagi yo‘ldan harakatlandi. Musulmolar bu holatga boshqacha ko‘z bilan qarashadi. Bizningcha haj yo‘lida halok bo‘lish - to‘g‘ridan-to‘g‘ri jannatga eltadi", deydi Janar Jonsaid ismli hoji.
Ayni vaqtda xalqaro sahnada bu voqeaga turlicha munosabatlar bildirilmoqda. Makka shahri gubernatori shahzoda Xolid al-Feysal bu tiqilinchda afrikalik ziyoratchilarning tartibsizliklarini sabab sifatida keltirgan. Eron tomonidan esa undanda keskinroq munosabat bildirilgan. Eronliklar diniy rahnamosi oyatulloh Ali Xamanei 130 nafar eronlikning o‘limida Saudiya Arabistoni hukumati xavfsizlikni ta'minlay olmaganini sabab sifatida ko‘rmoqda. Ushbu ayblovga javoban qirol Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud haj marosimlari o‘tkazilish tartiblari o‘zgartirilishi va fojia bo‘yicha tekshiruv olib borilishini ma'lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, fojyea 24 sentabr kuni erta tongda Makka yaqinidagi Mino vodiysida sodir bo‘ldi. Ikkita ulkan odamlar oqimi chodirlar shaharchasidan shaytonga tosh otish amali bajariladigan hududga eltadigan yo‘ldagi chorrahada to‘qnash kelib qolgan. Ko‘chalar kesishmasida ulkan tiqilinch vujudga kelib, natijada 717 kishi halok bo‘ldi, eng kamida 863 ziyoratchi jarohatlandi.
O‘zbekiston TIV Mino vodiysidagi fojyeadan halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘qligini ma'lum qilgan.