Jahon | 12:28 / 26.09.2015
2485
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va AQSh terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytiradi

Xitoy va AQSh o‘rtasida terrorizm va pul yuvish jinoyatlariga qarshi kurash bo‘yicha memorandum imzolandi. Bu haqdagi ma'lumot Xitoy TIV saytiga joylashtirilgan.

Ma'lum qilinishicha, bu shartnoma Xitoy rahbari Si Tszinpinning AQShga tashrifi davomida imzolangan.

"XXR va AQSh "pul yuvish, terrorizmni moliyalashtirish va shu turdagi boshqa jinoyatlar" bo‘yicha ma'lumotlar yig‘ish hamda tekshiruvlar olib borishda o‘zaro hamkorlik qiladi", deyiladi hujjatda.

"Tomonlar terrorizmga qarshi kurashda ko‘ptomonlama hamkorlik qilishga kirishadi va BMT Xavfsizlik kengashi qarorlari asosida harakatlanadi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, AQSh va Xitoy Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish masalasida hamkorlik qilish borasida kelishuvga erishgan.

Bundan tashqari, tomonlar poraxo‘rlikda ayblangan shaxslarga tegishli mulklarning hibsga olinishida o‘zaro hamkorlik qiladi. Qolaversa, noqonuniy muhojirlar va qochqinlar masalasida tomonlar o‘zlariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishlari belgilab qo‘yilgan.

Qayd etish kerakki, bungacha Xitoydan AQShga o‘tib ketgan jinoyatchi amaldorlarni ortga qaytarish bo‘yicha kelishuv yo‘q edi.

Xitoyda joriy yil avvalida e'lon qilingan "tulki ovi" amaliyotlari davom ettirilmoqda. Bu tadbir mamlakatda moliyaviy jinoyatlar sodir etib, xorijga chiqib ketgan shaxslarni ortga qaytarishni nazarda tutadi. Bunday jinoyatchilarning aksariyat qismi AQSh va Kanadadan boshpana topgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, bunday jinoyatchi amaldorlar Xitoyga shu vaqtgacha kamida 50 milliard dollar zarar yetkazgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish