Jahon | 14:27 / 27.09.2015
4818
3 daqiqa o‘qiladi

Kataloniyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Ispaniyaning Kataloniya muxtor viloyatida parlament uchun saylovlar boshlandi. Ekspertlar ushbu saylovni mustaqillik referendumining muqobili sifatida e'tirof etishmoqda.

Mahalliy siyosatchilarning fikriga ko‘ra, saylov natijasida Ispaniyadan ajralib chiqish tarafdorlari parlamentda 68tadan ortiq o‘rinni qo‘lga kiritsa, mustaqillik uchun harakatlar boshlanadi. Voqealar rivoji rejadagidek kechsa, 18 oydan keyin Kataloniya mustaqillik e'lon qilishi mumkin. Ispaniya ushbu viloyatining o‘zidan ajralib chiqishi to‘g‘risidagi plebissitni (juda muhim masalani hal qilishni umumxalq ovoziga qo‘yish, referendum) tan olmay keladi.

Saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan 09:00da ochilib, kech soat 20.00da yopiladi. Kataloniyada saylov huquqiga 5,5 mln odam ega bo‘lib, ulardan 200 mingdan kamrog‘i xorijda yashaydi.

Viloyatda qariyb 2697 saylov uchastkalari faoliyat yuritadi. Shundan 1607tasi Barselonada joylashgan. Saylov jarayonini Yevropaning 11ta davlatidan kelgan deputatlar va Lotin Amerikasi vakillari kuzatib boradi. Shuningdek, 180 davlatdan 550ga yaqin OAV vakillari ovoz berish jarayonini yoritib borish huquqini qo‘lga kiritgan.

Saylov jarayoni xavfsizligini ta'minlashga 8,1 ming huquq tartibot organlari xodimlari jalb etilgan.

Parlament 135 o‘rindan iborat bo‘lib, u umumiy yopiq ovoz berish orqali amalga oshiriladi. Asosiy o‘rinlar 4ta hududga ajratilgan bo‘lib, ular - Barselona (85 o‘rin), Tarragona (18), Jirona (17) va Leydadan (15) iborat. Saylovda 1281 nafar nomzod ishtirok etmoqda.

Saylovning dastlabki natijalari 27 sentabr kuni kechasi e'lon qlinib, uning yakuni 4 oktabrda ma'lum qilinadi.

So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, parlamentdagi o‘rinlar uchun asosan 6ta siyosiy kuch kurash olib boradi. Saylovga 40ta siyosiy guruhlardan vakillar o‘z nomzodlarini qo‘ygan. Asosiy kuchlar sifatida Junts pel Si koalitsiyasi (Artur Masning "Demokratik Kataloniya" (CDC), va Oriol Junkeras rahbarligidagi "Katalon so‘l respublikachilari"), "Milliy birlik" (CUP), "Fuqarolar", Kataloniya sotsialistik partiyasi, Catalunya Si que es Pot koalitsiyasi ("Kataloniya, ha, bu mumkin", va Podemos partiyasini birlashtirgan), Milliy partiya kabilar qaralmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish