Jahon | 12:20 / 28.09.2015
1915
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: Madaniyat buyumlarining noqonuniy savdosidan olinadigan daromad yiliga 6,3 mlrd dollarga yetishi mumkin

Xalqaro jinoiy guruhlar tomonidan har yili madaniyat va san'at buyumlarining noqonuniy savdosidan oladigan daromadi hajmi 3,4 mlrd dollardan 6,3 mlrd dollarga oshib, ushbu mablag‘larning katta qismi terrorizmni moliyalashtirishga sarflanadi. Bu haqda BMTning giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi direktori Yuriy Fedotov 27 sentabr kuni jahon tashkilotining Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohidagi ma'ruzasi vaqtida ma'lum qildi.

U Italiya, Iordaniya, Interpol, YuNeSKO hamda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasining tarixiy obektlarni himoya qilish va madaniy qimmatliklar kontrabandasiga qarshi kurashda hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan dasturning ishga tushirilishiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ishtirok etdi.

Fedotovning so‘zlariga ko‘ra, “so‘nggi vaqtlarda ekstremistlar va terroristlar tomonidan madaniy qimmatliklarning buzilishi, talon-taroj qilinishi va kontrabandasi hamda savdo-sotig‘i bilan shug‘ullanish, shuningdek, ularning xalqaro jinoiy guruhlar bilan hamkorlik o‘rnatish holatlari o‘sgan”. Uning ta'kidlashicha, madaniy qimmatliklar kontrabandasi terrorizmni moliyalashtirish manbalaridan biriga aylangan.

“Bizning uch asosiy maqsadimiz bor, - dedi Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Paolo Jyentiloni dasturning ishga tushirilishi to‘g‘risida so‘zlar ekan. – Birinchisi – madaniy yodgorliklarni himoya qilish, ikkinchisi – terrorchi guruhlarni qadimiy va madaniy yodgorliklar ortidan daromad topishdan mahrum qilish, uchinchisi – madaniy yodgorliklarga yo‘l ochish”.

Jyentiloni Italiya BMTga a'zo mamlakatlar tomonidan mutaxassislar, olimlar, arxeologlar, shuningdek, harbiy qismlardan iborat xalqaro ishchi guruhini tuzib, madaniy yodgorlik obektlarini himoya qilish va ularni tiklash bo‘yicha ko‘p darajali amaliyotlarni o‘tkazish taklifi bilan chiqishini qayd etib o‘tdi.

“Mazkur choralar madaniy yodgorliklar himoyasiga daxldor YuNeSKO imkoniyatlarini ham bevosita kengaytirishga yordam berar edi, - dedi u. – Mazkur ishchi guruh BMT tinchlikparvar amaliyotlarida ham ishtirok etishi mumkin”.

YuNeSKO bosh direktori Irina Bokova ham, o‘z navbatida, BMTga a'zo barcha mamlakatlarni Suriyadan olib chiqilgan artefaktlarning noqonuniy savdosi holatlarni aniqlash maqsadida axborotlar almashish uchun zarur choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish