Jahon | 09:05 / 28.09.2015
3545
1 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: Asadsiz Suriyada tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi, Asad bilan mamlakatning kelajagi bo‘lmaydi

Suriya prezidenti Bashar Asad mamlakatda tinchlik o‘rnatishda muhim o‘rin tutishi mumkin, ammo Suriya kelajagi u bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin emas. Bu haqda Germaniya tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyer bayonot berdi.

“Yaqinda suriyalik bir muxolifatchi shunday dedi – Asadsiz tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi, u bilan esa mamlakatning kelajagi yo‘q. Bu Suriya muxolifatining dilemmasi, bu bizning dilemmamiz”, - dedi u Germaniya birinchi kanaliga bergan intervyusida.
Shtaynmayyerning fikriga ko‘ra, Suriya BMT Bosh Assambleyasining asosiy mavzusiga aylanadi.

“Biz harakatlarimizni muvofiqlashtirishimiz kerak deb o‘ylayman. Rossiya o‘zi bilganicha harakat qilishi, G‘arb esa unga javob berish yo‘llarini qidirishidan ma'ni yo‘q deb o‘ylayman”, - ta'kidladi Germaniya diplomatiyaning rahbari.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish