Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kinochilar uyida «E'zoz va ehtirom kechasi» o‘tkaziladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2015 yil 18 fevral kuni tasdiqlangan «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturida keksa yoshida fan, madaniyat va san'atda katta natijalarga erishgan, buyuk ilmiy, adabiy, musiqali asarlar va boshqa madaniy qadriyatlar yaratgan vatandoshlarimiz hayoti va faoliyati haqidagi «Umrboqiy siymolar» hujjatli filmlari turkumini yaratish belgilab qo‘yilgan.
Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida, «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan taniqli navoiyshunos olim, akademik Aziz Qayumov, filologiya fanlari doktori, professor Naim Karimov va O‘zbekiston xalq rassomi, akademik, taniqli yog‘och o‘ymakor usta Ortiq Fayzullayevning hayoti, ijodiy faoliyati va boy ilmiy-madaniy merosi haqida hikoya qiluvchi «Adabiyot sarmanzillari», «Donish daraxti» va «Usta» nomli hujjatli filmlar suratga olindi.
O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida, joriy yilning 29 sentabr kuni soat 15:00da «Kinochilar uyi»da mazkur filmlarning taqdimoti hamda film qahramonlari bilan ijodiy uchrashuv – «E'zoz va ehtirom kechasi»ni o‘tkazish rejalashtirilgan. Unda filmlarning asosiy qahramonlari, ularning shogirdlari, hamkasblari hamda ko‘plab taniqli olimu ijodkorlarning ishtirok etishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda «O‘zbekkino» Milliy agentligi matbuot xizmati xabar qilgan.
Tadbirni yoritishni istagan ommaviy axborot vositalari vakillari mazkur tadbirga taklif etiladi. Qo‘shimcha ma'lumotlar uchun Agentlik matbuot xizmatiga murojaat qilish mumkin.