Jahon | 09:29 / 30.09.2015
3159
3 daqiqa o‘qiladi

Olimlar: Marsda hayotni rivojlantirish uchun NASA topgan suv kamlik qiladi

Yaqindagina NASA olimlari tomonidan tasdiqlangan Mars sathida aniqlangan suyuq holatdagi suv miqdori mazkur sayyorada hayotni taraqqiy ettirish uchun juda kamlik qiladi, dedi Rossiya Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti astronomi Dmitriy Vibe Latviyaning Baltkom radiostansiyasiga bergan intervyusida.

28 sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida NASA Mars sayyorasida suyuq holatdagi suv borligi aniqlanganini ma'lum qilgan edi.

MRO zondi kameralari va qurilmalari yordamida to‘plangan ma'lumotlar tahlili asosida qizil sayyora ekvatori yaqinidagi kraterlarda tarkibida tuz mavjud bo‘lgan suyuq holatdagi suv mavjud ekani ma'lum qilingan edi.

“Marsda hayotni rivojlantirish haqida gapirish hozircha imkonsiz, chunki biz bilgan hayotni barpo etish uchun yetarli miqdordagi suv va yumshoqroq iqlim sharoitlari zarur. Mazkur holatda aytish mumkinki, Mars sathining qayeridadir aniqlangan suyuq holatdagi suv juda sho‘r bo‘lib, ko‘p miqdordagi xlor bilan to‘yingan. Ammo sekin-astalik bilan Marsda yashash uchun eng kam sharoitlar mavjudligini bilish sari yaqinlashib bormoqdamiz”, - dedi Vibe.

Olimning so‘zlariga ko‘ra, NASA taqdim etgan ma'lumot to‘laqonli kashfiyot bo‘lmasdan, faqatgina avvaldan olimlar ilgari surgan taxminlarni tasdiqladi xolos.

“Qat'iy aytganda, gap ketayotgan kashfiyotga bir necha yillar muqaddam qo‘l urilgan edi. NASA oshkor qilgan halqalar 2010 yildayoq aniqlangan bo‘lib, olimlar ularning Mars sathida sho‘r suvning qisqa muddatli oqib o‘tishi natijasida vujudga kelganini aytib o‘tishgan edi. Hozir esa mazkur mavzu Mars atrofida muntazam aylanib turuvchi koinot uskunasi bortiga o‘rnatilgan spektral qurilmalardan foydalanish natijasida yanada aniqroq tasdig‘ini topdi. Demak, yangi kashfiyot qilinmadi, balki bir necha yil muqaddamgi topilma tabiati haqidagi faraz tasdiqlandi xolos”, — dedi Vite.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish