Jahon | 00:12 / 01.10.2015
12001
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: toliblar Tojikiston chegarasiga jadallik bilan yaqinlashmoqda

Uch kun avval Afg‘onistonning Qunduz shahrini bosib olgan toliblar guruhlari Tojikiston chegarasiga jadallik bilan harakatlanmoqda. Toliblar bir necha soat avval chegara yaqinidagi Panj daryosidan 20-30 km uzoqlikda joylashgan Imom-Sohib tumanini egallab olishdi, deb xabar bermoqda Tolo-News afg‘on telekanali.

Afg‘on OAVlari ma'lumotlariga ko‘ra, ayni paytda toliblar Tojikiston hududida joylashgan “Quyi panj” nazorat-o‘tkazish punkti qarshisida joylashgan Sherxon-Baydar porti tomon yo‘nalmoqda.

Tojikiston maxsus xizmatlari vakili “TASS” axborot agentligi muxbiriga ma'lum qilishicha, tojik chegarachilari toliblarning yaqinlashishi munosabati bilan tezkor tartibda strategik tepaliklarni egallamoqdalar, yashirin postlarni kuchaytirmoqdalar, boshqa preventiv choralar qabul qilmoqdalar.

“Biz Qunduz viloyati qarshisidagi Panj yo‘nalishidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqdamiz. AQSh harbiy-havo kuchlarining ko‘p sonli aviazarbalariga qaramasdan Qunduz va uning yon atrofi terrorchilar qo‘lida qolmoqda. Tinch aholi o‘rtasida qurbonlar bor”, deb aytdi maxsus xizmatlar vakili. Uning aytishicha, “ayni paytda Tojikiston maxsus xizmatlarining kuch va vositalari yetarlicha” va ular terrrorchilar chegarani buzib o‘tishining bevosita xavfini ko‘rmayotibdilar, biroq istalgan vaziyatga tayyor turibdilar.

Suhbatdosh TASS muxbirining terrorchilarning tarkibi haqidagi savoliga “bu turli guruhlardan tashkil topgan guruh ekanligini va unga toliblardan tashqari O‘zbekiston islom harakati, “Ansarulloh”, “IShID” jangarilari kirishini aytib o‘tdi. Hozircha terrorchilarning sonini aniqlash qiyin, chunki ularning guruhlari boshqa viloyatlardagi zaxiralar bilan to‘ldirilmoqda, biroq gap minglab jangarilar haqida ketmoqda.

Ma'lumot uchun, Afg‘oniston-Tojikiston chegarasining uzunligi 1400 km ni tashkil qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish