Jahon | 00:03 / 01.10.2015
9506
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi: Rossiya samolyotlarining Suriyadagi zarbalari natijasida “IShID”ning ko‘plab pozitsiyalari yo‘q qilindi

Rossiya samolyotlarining Suriyada “IShID” pozitsiyalariga bergan avizarbalari natijasida jangarilarga tegishli qo‘mondonlik punktlari yo‘q qilindi, deb ma'lum qilindi Rossiya Mudofaa vazirligida.

“Bugun Rossiya harbiy-koinot kuchlari samolyotlari Suriya Arab Respublikasi hududida “IShID” terrorchilik guruhining 8 ta pozitsiyasiga aniq zarbalar berdi. 20 ga yaqin parvozlar amalga oshirildi”, deb aytdi Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov.

“IShID” jangarilariga tegishli harbiy texnika, transport vositalari, qurol-aslaha, o‘q-dori va yoqilg‘i-moylash omborlari zarbaga uchradi. Tog‘li hududda jangarilar tuzilmalarini boshqarish qo‘mondonlik punktlari butunlay yo‘q qilindi”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Konashenkov.

Konashenkovning ta'kidlashicha, barcha zarbalar havo razvedkasi o‘tkazilgandan va Suriya armiyasi shtabidan olingan ma'lumotlar aniqlashtirilgandan keyin amalga oshirilgan. Fuqarolik infratuzilmalari obektlariga qarshi va ular yaqinida Rossiya samolyotlari qurollaridan foydalanilmagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi zarbalar berilishi holati aks etgan videolavhalarni namoyish qildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish