Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WSJ: Putin Suriyada o‘zi sevgan taktikani qo‘llamoqda
Rossiyaning Suriyadagi aviazarbalari AQSh uchun kutilmagan hol bo‘ldi va G‘arb siyosatchilarining keskin noroziliklariga sabab bo‘ldi. Bu haqda The Wall Street Journal nashri yozmoqda.
AQSh va uning ittifoqchilari Rossiya Asad rejimiga ko‘mak berayotgani hamda o‘z harakatlarini xalqaro koalitsiya bilan muvofiqlashtirmayotganidan norozilik bildirmoqda. Iroq bosh vaziri Haydar al-Abadiy intervyularidan birida Rossiya xalqaro koalitsiya bilan hamkorlik qila boshlaganidagina uni qo‘llab-quvvatlashini bayon etdi.
Aviazarbalar boshlanishidan bir soat oldin rossiyalik general AQShning Bag‘doddagi elchixonasiga tashrif buyurib, Vashington Suriya havo hududidan o‘z samolyotlarini olib tashlashi lozimligini xabar qildi. AQSh mudofaa vazirligi xodimlari bunday xatti-harakatlarini noprofessional deb baholamoqda.
“Vladimir Putin jo‘rttaga o‘z raqiblarini muvozanatdan chiqarishga intilmoqda va buning uchun, o‘zi yoqtirganidek, kutilmagan harakatlar taktikasidan foydalanmoqda. Uning bunday kutilmagan fe'l-atvori ayrim hollarda yutuq keltiradi”, — deydi Karnegi jamg‘armasi prezidenti o‘rinbosari Endryu Vays.
“Suriyadagi kutilmagan harakatlar va Rossiyaning G‘arb siyosatchilari bilan hisoblashishni istamasligi Ukrainadagi vaziyatni eslatmoqda. Qrimning egallanishi ham aynan Putin tomonidan tashlangan chaqiriq edi”, — qo‘shimcha qildi u.