Jahon | 12:21 / 02.10.2015
7130
1 daqiqa o‘qiladi

BAAdagi osmono‘par binoning birinchi qavatida chiqqan yong‘in yuqoriga o‘rladi

Dubay aglomeratsiyasidagi Sharja shahridagi osmono‘par binoda yuz bergan yong‘in tufayli 250 oila uylaridan tashqarida qoldi. Khaleej Times nashrida yozilishicha, binoning ilk qavatida kelib chiqqan yong‘in 30-qavatgacha o‘rlagan.

Bu hodisa tufayli halok bo‘lgan va jarohatlanganlar yo‘qligi aytilgan. Binoda istiqomat qilganlardan 30 nafari nafas olishdagi muammolar tufayli shifokorlarga murojaat qilishgan.

Yong‘in boshlangach, qutqaruvchi guruhlar binodan odamlarni muvaffaqiyatli tarzda evakuatsiya qilishgan. Yana bir guruh esa olovni o‘chirish bilan shug‘ullangan.

Ushbu yong‘in binodagi 26ta qavatga ta'sir qilgan. Binoning 6-qavatida avtomobillar uchun avtoturargoh joylashgan edi.

Ayni vaqtda yong‘in sabablari va u keltirgan zarar miqdori aniqlashtirilmoqda. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, falokat tufayli 14ta avtomobil ishdan chiqqan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish