Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV Oregondagi otishmani sodir etgan jinoyatchi shaxsini aniqladi
Amerikaning Oregon shtatidagi Umpkva kolleji hududidagi otishmani 26 yoshli Kris Xarper Merser ismli shaxs sodir etgan. Bu haqda 1 oktabr kuni Amerikaning CBS telekanali huquqni muhofaza qilish organlaridagi axborot manbasiga asoslanib xabar berdi. Ammo bu haqdagi rasmiy xabar hozircha oshkor qilingani yo‘q.
Sherif Jon Xenlinning ma'lum qilishicha, kollejdagi otishma oqibatida 10 kishi, jumladan, jinoyatchining o‘zi ham halok bo‘lgan. Yetti kishi esa turli darajada jarohat olgan. Uch nafarining ahvoli jiddiy ekani xabar qilindi.
Bundan avvalroq esa OAV otishma qurbonlari 15 kishi bo‘lib, jarohatlanganlar 20 nafarni tashkil etishini ma'lum qilgan edi.
Jon Xenlinning oydinlik kiritishicha, qurolli hujumni uyushtirgan erkak bu yerga yetib kelgan politsiya bilan otishmada otib o‘ldirilgan. Bunda huquq himoyachilaridan hech kim jabr ko‘rmagan.
Jinoyatchi kollej hududiga o‘zi bilan uch to‘pponcha va miltiq olib kirgan. Ushbu qurollarning barchasi hodisa joyidan topilgan. U barcha qurollardan foydalanishga ulgurdimi-yo‘q, hozircha aniqlanmadi.