Sport | 07:37 / 05.10.2015
2030
1 daqiqa o‘qiladi

Dik Advokat "Vest Xem" bilan durangdan keyin "Sanderlend" bosh murabbiyligidan ketdi

"Sanderlend" jamoasi bosh murabbiyi Dik Advokat iste'foga chiqdi.

3 oktabr kuni u jamoasi bilan "Vest Xem" (2:2)ga qarshi o‘yin o‘tkazdi va bu uning "qora mushuklar" boshqaruvidagi oxirgi o‘yini bo‘lib qoldi. Mazkur bahsdan keyin gollandiyalik mutaxassis lavozimidan ketishga qaror qildi.

Ayni damda "Sanderlend" Angliya Premer-Ligasining ortda qolgan 8-turidan so‘ng oxirgi o‘rinda turibdi. Klub hisobida atigi 3 ochko bor xolos.

Ma'lumot uchun, gollandiyalik 68 yoshli mutaxassis "Sanderlend"ni 2014-15 yilgi mavsumda boshqarish uchun qabul qilgan, o‘tgan mavsumda uning rahbarligida jamoa APLda jon saqlab qolgach, murabbiy bilan yana 1 yillik shartnoma tuzilgandi.

Dik Advokat o‘z murabbiylik faoliyatini butunlay yakunlagani aytilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish