Jahon | 17:10 / 05.10.2015
3983
2 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKO rahbari IShIDni "madaniy tozalash" jinoyatida aybladi

YuNeSKO rahbari Irina Bokova IShID va boshqa terrorchi guruhlar Yaqin Sharq hududida "madaniy tozalash" jinoyatlarini amalga oshirayotgani haqida chiqish qildi. Bu haqda The Indepdendent nashrida yozilgan.

Uning aytishicha, jangarilar keyingi bir necha yil davomida insoniyat madaniy merosiga qarshi keng ko‘lamli vayronagarchiliklarni amalga oshirgan.

"Men buni "madaniy tozalash" deb atayman. Madaniy yodgorliklarni yo‘q qilish bilan shug‘ullanayotganlari ularning kimligini ko‘rsatmoqda", deydi Bokova.

Biroz oldinroq, IShID jangarilari Suriyaning qadimiy Palmira shahridagi "G‘alaba arki"ni portlatib, butunlay yo‘q qilib yuborishgani haqida xabar berilgandi.

YuNeSKO rahbari bu voqeani 2013 yilda Malidagi Timbuktu shahri yo‘q qilinishi va undan 10 yil oldin Afg‘onistonda Budda haykali portlatilishi bilan qiyoslagan.

Nashrda yozilishicha, qadimiy obidalarni tunash IShIDning moliyaviy ta'minoti manbalaridan biri hisoblanadi.

Shu yilning fevralida BMT Iroq va Suriyadagi madaniy obidalardan olib chiqib ketilgan boyliklarning savdosiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgandi.

"Birinchi navbatda BMT Xavfsizlik kengashi Suriyadagi siyosiy inqirozni bartaraf etish bilan shug‘ullanishi kerak", deya qayd etadi Bokova.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish