Jahon | 09:38 / 06.10.2015
3383
2 daqiqa o‘qiladi

Dubay kambag‘allikka qarshi kurashga 1 mlrd dirham ajratadi

Dubayda kambag‘allikka qarshi kurashish fondi ish boshladi. Fond mablag‘i 1 mlrd dirham ($ 272 mln.ga yaqin)ni tashkil etadi, deb xabar berdi Muxlis.uz portali. Tashkilotning asosiy maqsadi— ishsizlikka qarshi kurashish va mintaqalarda ta'lim darajasini oshirish.
Dubay amiri Muhammad Bin Rashid al-Maqtum boshchiligidagi mazkur fond 28 ta insonparvarlik tashkilotini birlashtirib, 1400 dasturni amalga oshirmoqchi. Bu mablag‘lar dunyoning 116 ta mamlakatiga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Ma'lumotlarga ko‘ra, Fond 4 ta yo‘nalishni o‘z ichiga olgan: ta'limni ommalashtirish, kambag‘allikka qarshi kurashish, birlashmalarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsiyalarni rivojlantirish.
Shuningdek, Fond homiyligida 20 mln nafar bolalar savodxonligi uchun 10 mln dona kitob chop etiladi. Ta'lim sohasidagi loyihalar uchun 1,5 mlrd dirham mablag‘ ajratilsa, mintaqalardagi suv resurslari qidiruviga 500 mln yo‘naltiriladi. “Bag‘rikenglik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishiga esa Fond tomonidan 600 mln dirhamdan ortiq mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish