Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yevropa matbuoti Rossiyaning Suriyadagi operatsiyasi haqida
Yevropa matbuotida Rossiyaning Suriyada boshlagan harbiy harakatlari qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ayrim jurnalistlarning ta'kidlashicha, yevropalik siyosatchilar bunday kutilmagan ishdan sarosimaga tushib qolishgan. Foreign Policy nashri Rossiyaning bunday harakatlari fonida AQShning dadil qadam tashlamayotganidan norozilik bildirgan.
Yevropa gazetalarining umumiy xulosalari shundan iboratki, Vladimir Putinga berilgan salbiy baholarga qaramay, uning YeI siyosatchilari orasida bo‘linish yuzaga keltirgan va AQSh boshchiligidagi koalitsiyani qiyin vaziyatga tushirib qo‘ygani tan olinmoqda.
Vladimir Putin BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishidayoq terrorchilarga qarshi harakatlarni jadallashtirishini aytib o‘tganiga qaramay, 30 sentabr kuni Rossiya havo kuchlari Xoms, Xama va Lataqiyada birinchi zarbalarni berishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat bo‘ldi.
Yevropalik jurnalistlarning fikricha, “terrorchilar” deganda Rossiya yetakchisi nafaqat IShID va “Jabhat an-Nusra”ni, balki Ozod Suriya armiyasini ham nazarda tutgan. Haraqalay, matbuotda Rossiya aviatsiyasi muxolif kuchlarning pozitsiyalarini ham o‘qqa tutilayotgani xabar qilinmoqda.
Rossiyaning xatti-harakatlari turlicha motivlar bilan tushuntirilmoqda: Yaqin Sharqdagi milliy manfaatlarni himoya qilish, Asadni qo‘llab-quvvatlash, ixtilofdagi vositachilikka da'vogarlik, mamlakat ichidagi vaziyatni harbiy avantyura bilan mustahkamlash.
Ammo tahlilchilar boshqa jihatga ham e'tibor qaratmoqda, bu ham bo‘lsa rasmiy Moskvaning Yevropada kuch to‘plab, u yerda o‘ziga xos “ikkinchi front” ochishga harakat qilishidir.
Yevropada sovuq urushdan so‘ng shakllangan xavfsizlik arxitekturasining yo‘q qilinishi Rossiyaning bu jabhadagi asosiy strategik maqsadi sifatida baholanmoqda, negaki YeI va NATO bilan birlashtirilgan Yevropa Rossiya uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Bu yo‘lda Rossiya mintaqadagi turli millatchi va yevroskeptik partiyalarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Oxirgi oylarda Yevropa Suriya inqirozining oqibatlarini yaqqol sezmoqda. Yuz minglab qochqinlarning qit'aga kirib kelishi Yevropa davlatlariga ulkan noqulayliklar tug‘dirmoqda. Bu jamoatchilikning hukumatga bosim o‘tkazishiga olib kelmoqda. Odamlar Suriya inqirozining tezroq hal qilinishini talab qilmoqda. Fransiya va Buyuk Britaniyada IShIDga qarshi kurashga faolroq qo‘shilish va hatto Suriyada yer usti operatsiyasini o‘tkazish g‘oyasini yoqlab chiqayotgan odamlar soni ko‘paymoqda.
Rossiyaning qat'iy harakatlari tufayli bunday kayfiyatlar yanada avj olmoqda.
Ta'kidlanishicha, ilgari Bashar Asadning ketishini qat'iy talab qilgan Yevropa yetakchilari endilikda uning o‘tish jarayonida ishtirok etishi mumkinligini tan olmoqda.
Bir guruh tahlilchilarning fikricha, agar Rossiya Suriyadagi isyonni bostirib, vaziyatni tinchlantira olsa, bu bilan u AQShning jahon yetakchiligi borasidagi o‘rnini shubha ostiga qo‘yadi.
“Rossiya yoki Eron bo‘lganimda, xuddi shunday harakat qilar edim”, - degan xulosa berdi Foreign Policy nashriga yevropalik diplomatlardan biri.
Eldor Asanov tayyorladi