"Qorabog‘" futbolchisi nohaq belgilangan penalti zarbasini qasddan xato tepdi
"Qorabog‘" futbolchisi vijdon amriga quloq solgan holda nohaq penaltini golga aylantirmadi.
Ushbu voqea Ozarbayjon chempionatining 7-turi doirasida Bokuning "Inter" va Qorabog‘ning "Qorabog‘" jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuv vaqtida yuz bergan. O‘yinda mehmonlar a'zosi Elvin Mamedov hakam tomonidan nohaq ravishda belgilangan penalti zarbasini golga aylantirmaslikka qaror qilgan va to‘pni ataylab darvoza to‘sini ustidan oshirib tepgan.
"Bu yerda ortiqcha qahramonlik yo‘q. Barcha shunday bo‘lishini kutgandi. Bosh murabbiyimiz Gurban Gurbanov ham menga shunday qilishim kerakligini aytdi. Chunki o‘sha vaziyatda penalti yo‘q edi. Bu futboldagi fair play", deydi o‘z harakatini izohlab Mamedov.
Aniqlik kiritilishicha, penalti o‘yinning 90-daqiqasida belgilangan, bu vaqtda "Qorabog‘" jamoasi 1:0 hisobida oldinda borayotgan bo‘lgan. Penalti Mamedov tomonidan qasddan xato amalga oshirgach, o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqlarning uchinchisida mehmonlar yana bitta gol urishgan va 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishgan.
Ma'lumot uchun, 7-tur o‘yinlaridan keyin "Qorabog‘" jamoasi 17 ochko bilan turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda. To‘rtinchi o‘rindagi "Inter" hisobida esa 13 ochko bor.