Jahon | 17:50 / 06.10.2015
4480
1 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ikki fuqaro Suriyadagi janglarda ishtirok etgani uchun qamaldi

Qozog‘istonning Olma-Ota viloyati Qorasaroy tuman sudi ikki mahalliy fuqaroni Suriyadagi harbiy harakatlarda qatnashgani va Qozog‘istonda radikal g‘oyalarni targ‘ib etgani uchun qamoq jazosiga hukm qildi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.

Ularga nisbatan mol-mulki musodara qilingan holda olti yildan jazoni ijro etish koloniyasida umumiy tartibda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tergov ma'lumotlariga binoan, 42 yoshli erkak 2013 yilning dekabrida noqonuniy ravishda Turkiya-Suriya chegarasini kesib o‘tib, xalqaro “Al-Qoida” terrorchilik guruhi tarkibidagi “Jamaat Abu Ubayda” guruhiga qo‘shilgan. Bundan avvalroq esa ushbu guruhga uning akasi a'zo bo‘lgan.

Xabar qilinishicha, ular Suriyaning Aleppo shahridagi qamoqxonani egallash uchun olib borilgan jang harakatlarida ishtirok etgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish