Jahon | 15:58 / 06.10.2015
4325
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya tomonidan Suriyada aviazarbalar berilishidan keyin Turkiyaga muhojirlar oqimi keskin ortishi kutilmoqda

Suriyada ro‘y bergan keyingi voqealar tufayli Turkiyaga yana 1 millionga yaqin suriyalik muhojir o‘tishi mumkin. Bu haqda mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Numan Kurtulmush ma'lum qilgan.

Biroz oldinroq, Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an shu vaqtgacha Suriya va Iroqdan 2,5 million muhojir mamlakat hududiga kirib kelgani haqida ma'lumot bergandi.

"Suriya g‘arbi aholi zich yashaydigan hududlar g‘isoblanadi. Bu yerda Damashq, Homs, Hama, Halab va Lataqiya kabi yirik shaharlar joylashgan. Ayni vaqtda Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushining muhim pallalari boshlandi. Bu vaziyatda har qanday yangi harakat vaziyatni yanada qiyinlashtirmoqda. Ayniqsa, Rossiya tomonidan bu hududlarda havo zarbalari berilishi boshlanishi vaziyatni chigallashtirdi. Natijada yuz minglab, balki 1 milliondan ortiq suriyalik o‘z uylarini tashlab, Turkiyaga o‘tishi kutilmoqda", deb ma'lum qilgan Kurtulmush Hurriyet gazetasiga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Bashar Asad iltimosiga binoan 30 sentabr kuni Suriya hududidagi IShID nuqtalariga zarbalar berishni boshladi.

Qayd etish kerakki, Yaqin Sharqda 1 yildan beri davom etayotgan siyosiy taranglik tufayli 2015 yilning yanvaridan shu vaqtgacha 630 ming muhojir Yevropa Ittifoqi hududidan boshpana topdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish