Jahon | 09:06 / 06.10.2015
3602
2 daqiqa o‘qiladi

Snouden: Buyuk Britaniya maxsus xizmati kuzatuv o‘tkazish maqsadida smartfonlarni buzib kirishi mumkin

Buyuk Britaniyaning Hukumat aloqa markazi (HAM) nazorat o‘tkazish maqsadida smartfonlarni o‘z egalariga bildirmay buzib kira oladi. Bu haqda ommaviy axborot vositalari jurnalistlariga bergan intervyusi paytida AQShning sobiq maxsus xizmat xodimi Edvard Snouden aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra HAM shifrlangan matndan iborat xabarnoma jo‘natib, telefonni mustaqil ishlatish imkoniga ega bo‘ladi. Hatto so‘zlashuvlarni eshitishi va videolarni kuzatishi mumkin. Snouden shuni alohida ta'kidladiki, HAM va AQShning milliy xavfsizlik agentligi (MXA) bu ishga katta pul sarflagan. Shuning uchun ular “smartfonlarni bemalol buzib kirib, ularning quvvatidan foydalanishi, so‘zlashuvlarni eshitishi, atrofingizda nimalar bo‘layotganini bilishlari, hatto telefon apparati o‘chiq bo‘lada uni masofadan turib yoqib, o‘z kuzatuvlarini davom ettirishlari mumkin”.

HAM telefon apparatiga kirish imkoniga ega bo‘lgach, u “siz kimga qo‘ng‘iroq qilyapsiz, qanday xabarnoma yozyapsiz, qanday saytlarga kiryapsiz, qayerda o‘tiribsiz, qaysi Wi-Fi nuqtalarida ulanyapsiz — hammasinidan boxabar bo‘lib turishadi. Ular ko‘p narsaga qodir. Hatto sizni suratga olishga ham”, - dedi u.

Snouden HAMni MXAning izdoshi deb atadi. "Ular (MXA) kerakli texnologiyalar bilan ta'minlaydi va vazifa qo‘yadi. HAM esa uni bajaradi”, - deb ta'kidlagan Snouden.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish