Iqtisodiyot | 11:49 / 07.10.2015
3584
2 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: AQShdagi yirik kompaniyalar xorijda 2,1 trln dollarni soliqlardan yashirmoqda

Amerikadagi 500dan ziyod yirik kompaniyalar soliqlardan qochish maqsadida 2,1 trln dollardan ziyod mablag‘larni xorijdagi ofshor hisob raqamlarida yashirib kelmoqda. Ushbu mablag‘lar AQShga qaytarilgan taqdirda, umumiy qiymati 620 mlrd dollarlik soliqlari to‘lanishi lozim.

Bu haqda 6 oktabr kuni e'lon qilingan “Fuqarolar adolatli soliqlar uchun” notijorat tashkiloti hamda “AQShda fuqarolar kayfiyatini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot guruhi” jamg‘armasi hamkorligida tayyorlangan tadqiqot natijalarida so‘z boradi.
Mazkur xulosalar kompaniyalar Qimmatbaho qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiyaga taqdim etgan ma'lumotlar asosida ishlab chiqildi.

Tahlil ishlaridan so‘ng Fortune 500 – eng muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan kompaniyalar ro‘yxatidagi har uchta firmaning ikkitasi Bermud, Irlandiya, Lyuksemburg va Niderlandiya singari mamlakatlarda o‘z mablag‘larini saqlayotgani aniqlandi.
Bu kabi kompaniyalar reytingida birinchi o‘rinda Apple korporatsiyasi tilga olindi.

U ofshorlarda 181 mlrd dollardan ziyod mablag‘larini soliqlardan yashirgan holda asrab kelmoqda. Ushbu mablag‘lar AQShga ko‘chirilgan taqdirda, mamlakat byudjyetiga 59,2 mlrd dollar soliq to‘lanadi. Keyingi o‘rinda 18ta xorij bankiga 119 mlrd dollar yo‘naltirgan General Electric kompaniyasi qayd etildi. Microsoft esa 108 mlrd dollarni soliqlardan “himoyalab” kelmoqda.

Tadqiqot mualliflari AQSh Kongressini kompaniyalarning soliq yuklaridan qochishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirmoqda. Ularning fikricha, bu byudjyetdagi yetishmovchiliklarni bartaraf etish, mehnat bozoridagi holatning yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish