Jahon | 13:36 / 07.10.2015
3792
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada 5,5 ballik zilzila sodir bo‘ldi

7 oktabrga o‘tar kechasi Turkiyaning Antaliya provinsiyasi Demre shahri hududida magnitudasi 5,5 ballga teng zilzila qayd etildi. Mahalliy hokimiyatning xabar berishicha, qurbonlar va vayronagarchiliklar haqida ma'lumotlar kelib tushmadi.

Mahalliy vaqt bilan 00:27 (Toshkent vaqti bilan 02:27)da xorijlik sayyohlar gavjum bo‘ladigan Demre uyezdida zilzila zarbasi sezildi. Tabiiy ofat o‘chog‘ining 34 kilometr chuqurlikda ekani aytildi.
Yer silkinishi mahalliy aholi o‘rtasida sarosimani keltirib chiqardi. Yuzlab kishilar vayronagarchiliklar sodir bo‘lishidan qochib ko‘chalarga chiqishdi va zilzila qayta takrorlanishidan cho‘chib, erta tongga qadar uylariga qaytib kirishmadi.

Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, silkinishlar yana bir necha soniya davom etganida, ko‘plab binolar qulab tushishi mumkin edi.
Turkiya janubi, ayniqsa Antaliya provinsiyasi azaldan mamlakatdagi seysmik faol hudud sanaladi. Qariyb har hafta ushbu mintaqada o‘nlab kichik magnitudali silkinishlar kuzatiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish