Jahon | 17:24 / 08.10.2015
8459
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Makkadagi fojyea qurbonlariga badal puli to‘lash qo‘mitasi ish boshladi

11 sentabr kuni Makka shahridagi al-Harom masjidi hududiga kran qulab tushishi natijasida halok bo‘lganlarga badal pulini to‘lash bo‘yicha maxsus qo‘mita pul to‘lovlarini olishi lozim bo‘lgan shaxslar haqidagi ma'lumotlarni to‘plashga kirishdi.

Bu haqda Makka sog‘liqni saqlash departamenti rahbari Mustafo Baljun ma'lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkil etilgan qo‘mitalar hodisa vaqtida halok bo‘lgan yoki jarohatlangan har bir kishining ismi va millati, pasport ma'lumotlari, shifoxonaga yotqizilish vaqti, shuningdek, kasalxonadan chiqish yoki o‘lim vaqti singari shaxsiy ma'lumotlarni to‘plashlari lozim.

Saudiya Arabistoni qiroli hodisa qurbonlarining yaqinlari va olgan jarohati sababli nogiron bo‘lib qolganlarga 1 million saudiya riali (266 ming dollardan ziyodroq) badal puli to‘lanishi haqida qaror qabul qilgan edi. Kran qulashi natijasida jarohat olganlarga esa 500 ming rial (taxminan $133 ming) to‘lanadi. Shuningdek, jabrlanganlarning oila a'zolari kelgusi 2016 yilda hajga kelib, qirolning shaxsiy mehmoni bo‘lish huquqiga ega bo‘lishdi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish