Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Taekvondo (WTF). O‘zbekiston terma jamoasi Manchester Gran-Prisida qatnashadi
17-18 oktabr kunlari Manchester shahri (Buyuk Britaniya)da taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha jahon Gran-Prisining uchinchi turniri o‘tkaziladi. Mazkur nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini Nikita Rafalovich (-74 kg), Maksim Rafalovich (-80 kg), Jasur Boyqo‘ziyev (-87 kg) va Dmitriy Shokin (+87 kg) himoya qiladi. Bu haqda "Olamsport.som" xabar bergan.
Gran-Pri turnirida 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari uchun reyting ochkolar ham o‘ynaladi.
Jumladan, oltin medal sohibi 40 reyting ochkosiga, kumush medal sovrindori 30 reyting ochkosiga, uchinchi o‘rinni egallagan sportchilar 20 reyting ochkosiga ega bo‘lishadi.
Ma'lumot uchun, Jahon Gran-Prisi to‘rtta yirik musobaqadan iborat bo‘lib, birinchi turnir Moskva shahri (Rossiya)da, ikkinchi turnir esa Samsun shahri (Turkiya)da o‘tkazildi. Jahon Gran-Prisining yakuniy final musobaqasi dekabr oyida Meksika davlatida o‘tkaziladi.
Shundan so‘ng reyting ochkolar sarhisob qilinib, Olimpiada vaznlari bo‘yicha o‘z vazn toifasida kuchli oltilikka kirgan sportchilar “Rio-2016” o‘yinlarida qatnashish xuquqiga ega bo‘ladilar (har bir davlatdan bir nafardan sportchiga beriladi).
Bundan tashqari, 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari 2016 yilning fevral oyida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqada o‘ynaladi. Ushbu musobaqada 1-2 o‘rin sohiblari XXXI yozgi Olimpiadada ishtirok etadi.