Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rim shahri meri kamomadda ayblanib, iste'foga chiqdi
Rim shahri meri Inyatsio Marino byudjyetdagi kamomadda ayblanib, iste'fo berishga majbur bo‘ldi.
"Men ishdan bo‘shatildim", deya ma'lum qilgan siyosatchi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu qaror Rim shahri manfaatlari uchun qabul qilingan.
Marinoning aytishicha, uning o‘zi faqat Rimni yanada go‘zal va farovon shaharga aylantirishni istagandi, lekin uning bu harakatida bir qator to‘siqlar bo‘lgan.
Inyatsio Marino munitsipalitetga tegishli kredit kartalaridan o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanganlikda ayblanmoqda. Xususan, u o‘z oilasi bilan restoranlarda ovqatlanish uchun davlatning 20 ming yevro mablag‘ini ishlatib yuborgani aniqlangan. Mer bu mablag‘ni joyiga qaytarishni va'da qilgan.
6 oktabr kuni prokuratura muxolifatdagi 2 partiya ("Harakatdagi 5 yulduz" va "Italiya birodarlari") murojaati asosida tekshiruv boshlagandi.
Mer bilan bog‘liq mojarolar shu yilning avgustida ham sodir bo‘lgandi. O‘shanda muxolifatdagilar uni marhum mafiya boshlig‘ini tantanali ravishda dafn qilish marosimini uyushtirgani uchun ayblashgandi.
Iyul oyida esa Rimda muxolifatdagilar namoyish o‘tkazishgan, ular merdan poraxo‘rlikka qarshi kurasha olmayotgani uchun iste'foga chiqishini talab qilishgandi.
Ma'lumot uchun, Inyatsio Marino 2013 yilning iyunidan beri Rim meri hisoblanardi. U bu lavozimidan oldin senator edi.