Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Konservalangan Toshkent palovi Rossiya, Eron va Xitoy bozorlariga chiqariladi
2015 yilning yanvaridan ishlab chiqarila boshlagan konservalangan Toshkent palovi tez orada Rossiya savdo rastalaridan paydo bo‘ladi, deya xabar bermoqda Sputnik.
Toshkent to‘y oshini konservalash ilk marta Sergeli tumanida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda har oyda bir millionga yaqin konserva bankasi qadoqlanmoqda.
“Oshpazlar guruhi o‘z retseptlari bo‘yicha 120 kilogrammlik qozonlarda erta tongdan eng sara mahsulotlardan foydalangan holda osh tayyorlashadi”, - dedi korxona vakili.
Shundan so‘ng palov texnologik tizim bo‘ylab 335 va 670 grammlik idishlarga qadoqlanadi. Ularning iste'mol qilish muddati 2 yilni tashkil etadi. Mazkur mahsulotlarning asosiy iste'molchilari – xorijliklar, sayyohlar va chet el bozorlaridir.
“Biz Qozog‘istonga umumiy miqdori 60 ming bankani tashkil etuvchi 2 sinov partiyasini yetkazdik. Ayni paytda Rossiya, Eron va Xitoy bilan muzokaralar olib borilmoqda”, - dedi korxona vakili.
Kompaniya o‘z mahsulotini yaqinda Moskvada bo‘lib o‘tgan oziq-ovqat sanoati ko‘rgazmasida namoyish qilgan. Ushbu mahsulotga qiziqish ayniqsa Uzoq Sharq va Sibir mintaqalari vakillari tomonidan katta qiziqish bildirilgan.
Ma'lum qilinishicha, kompaniya rejasida boshqa o‘zbek milliy taomlarini ham konservalash ko‘zda tutilmoqda. Ayni paytda tarkibiy qismlarni tuzish va zarur hujjatlarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda.