Iqtisodiyot | 17:24 / 12.10.2015
5071
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2015 yilda 18 mln tonna meva-sabzavot yetishtiriladi

O‘zbekiston 2015 yilda 18 mln tonna meva va sabzavot mahsulotlari, jumladan, sabzavotlar (umumiy miqdorning 53 foizi), mevalar (15 foiz), kartoshka (14 foiz), poliz mahsulotlari (10 foiz) va uzum (8 foiz) yetishtirishni rejalashtirmoqda.

Bunda aholining meva va sabzavotlarga bo‘lgan talabi yetishtirilgan mahsulotlarning 80 foizini tashkil etadi, qolgan qismi esa sanoat darajasida qayta ishlash (14 foiz), eksport (3 foiz) va urug‘chilik maqsadlariga yo‘naltiladi.

Ishlab chiqaruvchilar va eksportyorlarga yaratilayotgan sharoitlar tufayli meva va sabzavotlarni xom ashyo va qayta ishlangan shaklda eksport qilish hajmi ortib bormoqda. Har yili 1,3-1,5 mlrd dollarlik mahsulotlar dunyoning 40dan ziyod mamlakatlariga eksport qilinmoqda.

Xususan, 2014 yilda meva va sabzavotlar yetkazib berish geografiyasi Italiya (o‘rik danagi mag‘zi), Chexiya (turshak va yer yong‘oq), Malayziya (mosh), Vetnam (mosh), Singapur (gilos va o‘rik) va Livan (yong‘oq) hisobiga kengaydi.

Respublika miqyosida olib qaralganda, Samarqand viloyati meva va sabzavot yetishtirishda umumiy hajmning 16,8 foiziga egalik qilib, yetakchilik qilmoqda. Shuningdek, Toshkent (15,5%), Andijon (12,9%), Farg‘ona (8,7%), Surxondayor (8,1%), Namangan (7,1%) va Buxoro (6,8%) viloyatlari ham old o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Shu xildagi mahsulotlar eksporti bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Eron, Xitoy, Turkiya, BAA, Ozarbayjon, Hindiston, Iroq va boshqa davlatlar O‘zbekistonning asosiy hamkorlari hisoblanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish