O‘zbekiston | 14:57 / 13.10.2015
15280
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada o‘zini portlatib yuborgan o‘zbek bola Qirg‘iziston fuqarosi bo‘lib chiqdi

IShID guruhi tomonidan tarqatilgan videolavhada safdoshlari bilan xayrlashib, zirhli transportyorda o‘zini portlatib yuborgani qayd qilingan Ja'far at-Tayyor ismli yigit qirg‘izistonlik o‘zbek ekanligi aniqlandi.

Videoda uni amakisi, Jalolobod viloyatining So‘zoq tumanida istiqomat qiluvchi Hamidullo Botirov tanib qoldi. Aytilishicha, yigitning asl ismi Bobur Isroilov bo‘lib, u 21 yoshda edi.
“Bobur onasining o‘limidan so‘ng 1.5 yil mening uyimda yashadi. Opamning o‘g‘li Bobur maktabni tugatganidan so‘ng 2013 yil noyabrida Rossiyaga ishlagani ketgandi, oxirgi marta biz u bilan o‘tgan yilning martida qo‘ng‘iroqlashdik, shundan so‘ng u bilan aloqa yo‘q bo‘ldi”, - dedi erkak.

Ilgariroq O‘zbekiston MXX vakili kamikadzening shaxsini aniqlashning va O‘zbekiston fuqarosi ekanligini tasdiqlashning imkoni yo‘qligini ma'lum qilgan edi.
“U qo‘shni mamlakatlardan birida mehnat muhojirligida yollangan bo‘lishi mumkin”, - taxmin qilgandi u.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish