Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Boks bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati Gamburg shahrida o‘tkaziladi
Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi (AIBA)ning 14 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan ijroqo‘m yig‘ilishida tashkilot rahbari Ching-Ku Vu 2017 yilgi Jahon chempionati bahslari Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tkazilishini tasdiqladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qilgan.
Dastavval 2017 yilgi jahon chempionati mezbonligi uchun uch shahar da'vogarlik qilgan edi. Da'vogarlar arizasi har tomonlama o‘rganib chiqildi va yakunda XIX jahon chempionatiga Gamburg shahri mezbonlik qiladigan bo‘ldi.
“Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi tomonidan bizga bildirilgan yuksak darajadagi ishonch bildirilganidan xursandmiz, – deydi AIBA ijroqo‘mi a'zosi, Germaniya boks federatsiyasi prezidenti Yurgen Kyas. Biz endilikda bo‘lajak jahon chempionatini sabrsizlik bilan kutamiz. Mazkur jahon chempionati sportning ushbu turini Germaniyada yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi”.
O‘z navbatida AIBA vitse-prezidenti, Yevropa boks konfederatsiyasi rahbari Franko Falchinelli ushbu qaror yuzasidan o‘z fikrlarini bayon qilar ekan, Germaniya kabi butun Yevropa ham ushbu jahon chempionatini qit'ada o‘tkazilishidan faxrlanishini va yana ikki yildan so‘ng Gamburgda o‘tkaziladigan jahon chempionati ham yuksak saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, bunga qadar boks bo‘yicha jahon chempionati Germaniyada ikki marotaba tashkil etilgan. 1982 yilgi dunyo birinchiligi Myunxen shahrida o‘tkazilgan bo‘lsa, 1995 yilgi jahon chempionati bahslariga Berlin shahri mezbonlik qilgan.