Sport | 14:54 / 14.10.2015
4182
2 daqiqa o‘qiladi

Boks. JCh finalida o‘zbekistonlik uch nafar sportchi ringga chiqadi

Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan jahon chempionatida 12 oktabr kuni yana besh vazn toifasida janglar o‘tkazilib, hal qiluvchi final bosqichiga chiqqan sportchilar nomi ma'lum bo‘ldi.

12 oktabr kuni o‘tkazilgan yarim final janglarining yakuniga ko‘ra o‘zbekistonlik uch nafar bokschi Elnur Abduraimov (60 kg), Elshod Rasulov (81 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg) jahon chempionatining bronza medallariga sazovor bo‘lgandi.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ushbu jahon chempionatiga qadar O‘zbekiston terma jamoasi mustaqil jamoa sifatida 11 bor jahon chempionatida ishtirok etgan va bir musobaqada uchta bronza medaliga sazovor bo‘lmagan. 2003 yili Tailandda, 2005 yili Xitoyda, 2009 yili Italiyada, 2011 yili Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatlarida hamyurtlarimiz ikkitadan bronza medali bilan taqdirlanishgan.

Qatarda o‘tayotgan jahon chempionatida yana uch nafar charm qo‘lqop ustalarimiz hal qiluvchi final bosqichda oltin medallar uchun ringga chiqadilar. Bunday holat 1999 yili Xyuston (AQSh)da o‘tkazilgan jahon chempionatida kuzatilgan. O‘shanda Muhammadqodir Abdullayev (-63,5 kg) va O‘tkirbek Xaydarov (-75 kg) oltin, To‘lqinboy Turg‘unov (-57 kg) esa kumush medalga sazovor bo‘lishgan edi.

14 oktabr kuni ringga chiqadigan O‘zbekiston vakillari bu borada ham avvalgi ko‘rsatkichlarni yanada yaxshilashga astoydil xarakat qilishlari kutilmoqda.

Demak, bugun -49 kg, -56 kg, -64 kg, -75 kg, va -91 kg vazn toifalarida dastlabki final janglari o‘tkaziladi. Shu kuni Murodjon Ahmadaliyev (-56 kg) irlandiyalik Maykl Konlonga, Fazliddin G‘oipnazarov (-64 kg) rossiyalik Vitaliy Dunaytsevga, Bektemir Meliqo‘ziyev (-75 kg) esa Kuba vakili Arlen Lopesga qarshi bahs yuritadi. Qolgan vazn toifalaridagi final janglari 15 oktabr kuni o‘tkaziladi.

 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish