Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
MAGATEning yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha direktori Xambar Mrabit O‘zbekistonga kelib ketdi
2015 yilning 28-29 sentabr kunlari Atom energetikasi xalqaro agentligi (MAGATE)ning yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha direktori Xambar Mrabit xizmat safari bilan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, tashrif dasturiga muvofiq 28 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Vrachlar malakasini oshirish institutida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Sanoatgeokontexnazorat” DI, Davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari va boshqalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvni “Sanoatgeokontexnazorat” DI o‘rinbosari A.Yunusov ochib, respublikada yadro xavfsizligi yo‘nalishidagi olib borilayotgan ishlar saviyasi, O‘zbekiston Respublikasi bilan mazkur Agentlik o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi bosqichi va rivoji to‘g‘risida fikr bildirib, uchrashuv kun tartibi, maqsad va vazifalari bilan tanishtirib o‘tdi.
Atom energetikasi xalqaro agentligining yadro xavfsizligi masalalari bo‘yicha direktori X.Mrabit Agentlikning faoliyati va yadroviy xavfsizlikni ta'minlash borasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar to‘g‘risida gapirib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida Atom energetikasi xalqaro agentligi tomonidan beg‘araz ko‘mak tariqasida taqdim etilgan maxsus asbob-anjomlarni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga hamda Davlat bojxona qo‘mitasiga tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.