Jahon | 21:36 / 14.10.2015
4400
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik quriladi

Xitoyning Xunan viloyatidagi Chjantszyanze shahridan uzoq bo‘lmagan masofadagi milliy park hududida dunyodagi eng uzun shisha ko‘prik barpo etiladi. Bu haqda Fox News xabar bergan.

Xabarda aytilishicha, 2016 yilning yanvarida bu ko‘prikning ochilish marosimi o‘tkaziladi.

Qayd etilishicha, bu ko‘prik kanonlar hududida 300 metr balandlikda va 430 metr uzunlikda bo‘ladi. Bu ko‘prikning ostki qismi 5 sm qalinlikdagi pishiq shishadan iborat bo‘ladi. Ko‘prik bo‘ylab kuzatuv qismlari o‘rnatilgan, shuningdek, sayyohlar uchun sakrash joylari bo‘ladi.

Ushbu loyiha mualliflari bu ko‘prik bo‘ylab sayr qilish uchun xavfsiz sharoitlar ta'minlanishiga ishontirishmoqda. Bu ko‘prik bir vaqtning o‘zida 800 nafar kishini ko‘tarib tura olishi aytilgan.

Arxitektorlarning aytishicha, bu loyihani Jyeyms Kemeronning "Avatar" filmidan ilhomlangan holda ishlab chiqishgan. Bu loyiha asoschisi isroillik Xayim Dotan hisoblanadi. U Shanxaydagi "Ekspo-2010" loyihasida ham ishtirok etgan.

Oktyabr oyi boshida Xitoyning Xenan provinsiyasidagi Yungtayshan tog‘ tizmasida ochilgan shisha ko‘prik sayyohlardan birining qo‘lidagi haroratni barqaror ushlab turuvchi idish (termos) qo‘lidan tushib ketishi natijasida darz ketgani, natijada vahimaga tushgan sayyohlarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri kelgani xabar qilingandi. Shundan so‘ng bu ko‘prik yopib qo‘yilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish