Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2017 yilda birinchi o‘zbek-koreys tekstil texnoparki ochiladi
Toshkentda o‘quv-tadqiqot tekstil texnoparkini tashkil etish ishlari boshlandi, deya xabar qildi Sputnik agentligi “O‘zbekengilsanoat” vakilining XI Xalqaro o‘zbek paxta va tekstil yarmarkasida bergan ma'lumotiga asoslangan holda.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek tomoni loyihani Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligi bilan hamkorlikda 2017 yilda yakuniga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Rejaga muvofiq, uch qavatli korpusning 4 ming kvadrat metrdan ziyod hududida o‘quv xonalari, anjuman zallari, ko‘rgazma binolari, laboratoriyalar, idoralar, oranjyereya (bino ichidagi sun'iy ekotizim) va boshqa obektlar o‘rin egallaydi. Ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi 1,5 ming kvadrat metr maydonni egallagan ikki qavatli binodan joy oladi. Bu yerga to‘quv, bo‘yash-bezak berish, tikuv dastgohlari o‘rnatiladi.
Texnoparkda respublikadagi tekstil muassasalari bilan yaqin aloqada faoliyat ko‘rsatuvchi dizayn-guruhlar ham ish olib boradi. Bunday hamkorlikdan ko‘zlangan maqsad yangi mahsulotlar turlari va dizaynerlik g‘oyalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.