Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
JSST: Ebola virusi davolangandan 9 oy o‘tguniga qadar erkaklar organizmida saqlanib qolishi mumkin
Ebola virusi davo choralari ko‘rilganidan 9 oy o‘tguniga qadar inson organizmining ayrim qismlari va biologik suyuqliklar tarkibida saqlanib qolishi mumkin. Bu haqda 14 oktabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Serra-Leone Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda AQSh Kasalliklarni nazorat va profilaktika qilish markazi hamkorligida o‘tkazilgan yangi tadqiqot natijalariga asoslanib xabar qildi.
“Ebola virusi keltirib chiqargan kasallikdan davolangan insonlar ustida sinchkovlik bilan o‘tkazilgan klinik kuzatuvlar va tekshiruvlar virus ayrim kishilar organizmining turli qismlari, jumladan, ko‘z ichi, urug‘ suyuqligi, yo‘ldosh suyuqligi, yo‘ldosh, ko‘krak suti va markaziy asab tizimida uzoq oylar davomida saqlanib qolishi mumkinligi aniqlandi”, - deyiladi JSST press-relizida.
Tadqiqotlar mobaynida ayrim erkaklarda urug‘ suyuqligida Ebola virusi 9 oy va undan ziyod vaqtgacha saqlanib qolishi aniqlandi. Mazkur xulosa kasallikdan to‘liq tuzalgan 93 erkak ustida o‘tkazilgan klinik tadqiqotlardan so‘ng chiqarildi.
“So‘nggi natijalarga asoslanib, urug‘lik tarkibidagi Ebola virusi miqdori vaqt o‘tgani sari kamayib boradi, degan xulosaga kelish mumkin.
Biroq bir bemor organizmida tuzalganidan 9,5 oy o‘tganidan so‘ng ham Ebola virusi saqlanib qolmoqda”, - deya qayd etildi xabarda.
JSST ekspertlari jamoatchilikni tinchlantirib, virusning jinsiy yo‘llar bilan yuqishi ehtimoli juda past ekanini ta'kidlab o‘tishni ham unutmadi.
Ebola virusi G‘arbiy Afrikada 2014 yil fevral oyida avj olgan edi. Shu vaqtga qadar ushbu xavfli virus keltirib chiqargan xastalikka chalingan 28,5 ming kishining 11,3 ming nafari halok bo‘ldi. JSSTning qayd etishicha, epidemiya qariyb to‘xtatilgan, ikkinchi haftadirki, mintaqada birorta ham yangi holat aniqlanmadi.