Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: IShID neftdan kuniga 1.5 mln dollar daromad ko‘rmoqda
Suriya va Iroqning IShID nazorati ostidagi hududlarida joylashgan 9ta neft konidan ekstremistik tashkilot kuniga 1.5 mln dollar daromad olmoqda. Bu haqda “Vedomosti” nashri xabar bermoqda.
“IShIDning qora bayrog‘i neftga bo‘ktirilgan, desa bo‘ladi, - deb yozadi nashr. – qora oltin terrorchilarga o‘z faoliyatlarini moliyalashtirish hamda qo‘shnilari oldida iqtisodiy va harbiy ustunlikka erishish imkoniyatini bermoqda”.
Nashrga intervyu bergan halablik isyonchilardan biri, uning birodarlari jabhada IShID bilan jang qilayotganiga qaramay, yoqilg‘ini aynan o‘z dushmanlaridan sotib olishga majbur ekanligini ta'kidlamoqda.
“Bu ham kulgili, ham achinarli, - deydi u. – Lekin bizda tanlov yo‘q, biz kambag‘al inqilobchilarmiz. Bizga yana kim yoqilg‘i taklif qilishi mumkin?”.
IShID avval boshidan o‘z neft strategiyasini juda puxta o‘ylagan. 2013 yilda Suriyaga kirib kelishi bilan tashkilot rahbarlari neftning tashkilot asosiga aylanishini tushunib yetishgan.
IShID Suriyaning neftga boy sharqiy viloyatlarini nazorat ostida tutib turibdi. Bu yerda u strategik ahamiyatga ega, lekin nefti yo‘q shimoli-sharqdan ketganidan so‘ng o‘rnashib olgan. 2014 yili Iroqda Mo‘sul shahridagi baza qulaganidan so‘ng u sharqiy Suriyani to‘laligicha yerlashdi. Shuningdek, terrorchilar Iroqning shimoli-sharqidagi Kirkuk viloyatida joylashgan Ajil va Alas konlarini egallashdi. Ta'kidlanishicha, bu g‘alabalar qo‘lga kiritilishidan ilgariroq guruh rahbariyati neft mutaxassislarini to‘plashga ulgurgan. Konlar qo‘lga kiritilishi bilan u yerda ish boshlab yuborilgan.
Kirkukda ham, Suriyaning Turkiyaga yondosh sharqiy viloyatlarida ham kurdlar bilan bir qatorda turkmanlar yashaydi. Bu uch guruh neft zaxiralari uchun kurashni davom ettirmoqda, bunda Turkiya turli yo‘llar bilan turkmanlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.
Ekspertlarning ta'kidlashicha, IShID o‘ziga milliy neft korporatsiyalari singari imij yaratishga tirishmoqda. Ta'kidlanishicha, guruh malakali muhandislar va boshqa mutaxassislarni qidirmoqda, ularga raqobatbardosh maoshlar taklif qilib, kadrlar bo‘limiga murojaat qilishga undamoqda.
IShID mutaxassislari qo‘mitalari konlarni tekshiradi, neft olinishini nazorat qiladi va ishchilar bilan ishlaydi. Guruhning ilgari Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarning neft kompaniyalarida ishlagan a'zolariga amirlik rutbasi beriladi. Ular eng muhim obektlarni boshqaradi.
IShID, shuningdek, texnik mutaxassislarni o‘z ishiga jalb qilib kelmoqda. Ulardan birining aytishicha, IShID amiri WhatsApp orqali unga xabar yo‘llab, qanday lavozim egallashni va qancha maosh olishni o‘z belgilashi mumkinligini ta'kidlagan. Ammo mutaxassis taklifni rad qilib, Turkiyaga qochgan.
Mo‘sul egallangandan so‘ng Abu Bakr al-Bag‘dodiy IShIDga faqat jangchilar emas, doktorlar, o‘qituvchilar va boshqa mutaxassislar ham kerakligini ta'kidlagan edi. Shundan so‘ng guruh tarkibiga boshqa hududlardan odamlar oqib kela boshladi.
IShID nazorati ostiga hududlarning boshqaruvi markazlashtirilmay, voliylar qo‘liga topshirilgani bilan, ekspertlarning ta'kidlashicha, neft sohasi markazdan, sho‘ro tomonidan boshqariladi. Oliy rahbariyat uni, shuningdek, mediasohani doimiy nazorat ostida tutib turadi.