Jamiyat | 18:21 / 15.10.2015
3424
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik imomlar Rossiya safarini yakunladi

Joriy yilning 2-7 oktabr kunlari 4 nafar imom (Ibrohim Inomov, Jasur Raupov, Odilxon Ismoilov, Baxrom Otajonov)dan iborat O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyasi Rossiya federatsiyasining Sverdlovsk viloyati muftiysi Abdul-Quddus (Nikolay) Asharin taklifiga ko‘ra, Yekaterenburga shahrida bo‘lib qaytdi. Muxlis.uz saytida mazkur safar tafsilotlari e'lon qilindi.
“Yekaterenburgda bizni juda iliq qarshi olishdi. Ikki davlat musulmonlar idorasi kelishuviga muvofiq tuzilgan maxsus reja asosidagi tadbirlarda ishtirok etdik. Mazkur tashrif mobaynida aziz avliyolar, olimu fozillar yurti O‘zbekiston farzandi ekanimdan fahr hissi ming chandon ortdi. Shahardagi ko‘rkam, mahobatli jome masjidiga vatandoshimiz, “Muhaddislar sultoni” Imom al-Buxoriy hazratlarining muborak nomlari berilgan ekan. To‘g‘risi, buni ko‘rib, faxru g‘ururdan ko‘zlarimga sevinch yoshlari qalqidi. Bobomiz Imom Al-Buxoriy nomlari bilan ataluvchi jome masjidida juma namozini ado etish baxti nasib etdi.
Qariyib uch yarim mingdan ziyod jamoat bilan ado etilgan juma namozida amru ma'ruf qilish vazifasi topshirildi. Unda islomning mazmun-mohiyati, mo‘minning solih ishlari, dinlararo bag‘rikenglik, qolaversa, butun dunyoda dinimizni qadrsizlantirayotgan IShID va uning qabih ishlari haqida so‘zlandi. Ushbu kun qalbga ajib sokinlik va halovat indi.
Cafar rejasiga muvofiq tashkil etilgan Nijniy Tagil jome masjididagi davra suhbati ancha qiziqarli bo‘ldi. Unda ishtirok etgan namozxonlarga islom dinining mohiyati, diniy oqimlar, manfur kuchlarning din niqobi ostidagi jinoiy qilmishlari, shuningdek, IShIDning vayronkor ishlari haqida ham ma'ruza qilindi. Ayniqsa, IShIDning asl qiyofasini ochuvchi O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Aydarbek Tulepovning “IShID fitnasi” (“Smuta IGILA”) kitobi katta qiziqish uyg‘otdi. Buni bizga kitobni so‘rab murojaat qilganlarning ko‘pligidan, ayniqsa, u bilan tanishganlarning bildirgan mulohazalaridan bilish mumkin. Ayniqsa, Yekaterenburg konchilik universitetida bo‘lib o‘tgan kitob taqdimotida professor o‘qituvchilar va talabalar katta qiziqish bilan qarashdi.
“Bu kitobda Islom davlati terrorchilari kim, ularning tuzog‘idan qanday himoyalanish mumkin degan savollarga batafsil javob berilgan. Ma'lumotlar, e'tiqodidan qat'i nazar, barcha uchun kerakli”, deya fikr bildirdi Yekaterenburg konchilik universiteti rektori Nikolay Kosarev. “IShID fitnasi” (“Smuta IGILA”) kitobi universitetga sovg‘a qilindi.
Aytish kerakki, Islom davlati, aslida ayrim markazlar tomonidan ishlab chiqilgan loyiha, deyish mukin. Maqsad, muqaddas dinimiz nomini qora qilish, musulmonlar istiqomat qiluvchi mintaqalarda notinchliklar keltirib chiqarish, barqaror vaziyatni buzish, yer osti va ustki boyliklarini talon-taroj qilish, “qora bozor”larni rivojlantirish va shu orqali cho‘ntak qappaytirish. Soxta iddaolar bilan lof urayotgan IShIDchilar imoni sust, ishonuvchan odamlarni, ayniqsa, yoshlarni turli usullar bilan o‘z tuzog‘iga ilintirmoqda. Ular ko‘pincha katta pullar va'da qilib, yoshlarni o‘z saflariga chorlaydi. Oxir-oqibati esa bir tiyin ololmaydi, qaytib ham kela olmaydi, jonini ham qutqara olmaydi. Ko‘rgani xorlik, topgan ranj alam bo‘ladi. Buni OAVdagi xabarlarda ko‘rib-kuzatib borayapmiz.
Afsuski, xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz, aka-ukalarimizning ayrimlari ana shunday puch va'dalarga ishonib, IShID safiga qo‘shilib qolish hollari ham kuzatilmoqda. Vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan muloqotlarda ularda yig‘ilgan turli savollarga javob berishga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, o‘zbekning g‘ururi, andishasi, Ona Vatani, ota-onasi oldidagi mas'uliyati kabi masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
Shu o‘rinda O‘zbekiston delegatsiyasi safari mahalliy OAVda, jumladan gazeta, televideniye, radio, internet sahifalarida doimiy yoritib borilganini ta'kidlash kerak. Masalan, Yekaterenburg telekanalida tashkil etilgan Sverdlovsk muftiysi Abdul-Quddus xazratlari va O‘zbekiston delegatsiya ishtirokidagi telemuloqotda qatnashdik.

Shuningdek, Yekaterenburga shahridagi “Interfaks” matbuot anjumani zalida Sverdlovsk oblastida faoliyat yuritayotgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuv ham g‘oyat qiziqarli bo‘ldi. Xulosa qililb aytganda, bir haftalik safar juda foydali, shu bilan birga samarali bo‘ldi. Sverdlovsk viloyati muftiysi Abdul-Quddus (Nikolay) Asharin ta'kidlaganidek, “Umid qilamizki, kelgusida ikki davlat musulmonlar idorasi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yanada rivojlanib, munosabatlarimiz mustahkamlanib boraveradi”. Do‘stlik, ittifoqlik bo‘lgan joyda esa tinchlik va taraqqiyot bo‘ladi”, - deya o‘z taassurotlarini bayon qildi delegatsiya a'zosi, poytaxtimizdagi "Shayx Zayniddin" jome' masjidi imom xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish