Jahon | 01:27 / 15.10.2015
3375
2 daqiqa o‘qiladi

Turk politsiyasi Anqaradagi teraktlarning ehtimoliy ijrochilarining nomlarini ma'lum qildi

Turkiya politsiyasi mamlakat poytaxti Anqaradagi teraktlarning ikki ijrochisidan biri IShID a'zolaridan birining akasi bo‘lgan, deb hisoblamoqda. Bu haqda The Guardian nashri xabar bermoqda.

Turkiya huquq-tartibot muassasalari ma'lumotlariga ko‘ra, Yunus Amir Alago‘z ismli shaxs portlovchi qurilmalarni portlatgan ikki kishidan biridir. U IShID a'zosi deb taxmin qilingan va Suruchda terakt uyushtirgan Abdurahmon Alago‘zning akasi bo‘lgan.

Politsiyachilar ikkinchi terrorchining nomini ham aytdilar, bu Umar Deniz Dundar ismli shaxs bo‘lib chiqdi. Terrorchilarning shaxslari terakt joyidan olingan DNK namunalari tahlil qilingandan keyin o‘rnatildi. Qayd etilishicha, ikki terrorchi-xudkush ham IShID a'zosi hisoblangan.

Avvalroq Turkiya bosh vaziri Ahmet Dovudo‘g‘lu IShID jangarilarining Anqaradagi teraktga aloqadorligi ustuvor versiya hisoblanishini aytgan edi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Anqarada 10 oktabrda namoyish paytida uyushtirilgan terakt oqibatida 106 kishi halok bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish