Sport | 19:27 / 16.10.2015
3240
2 daqiqa o‘qiladi

Angliya futbol federatsiyasi Platinini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatadi

Angliya futbol federatsiyasi UYeFA prezidenti Mishel Platinini FIFA prezidentligi uchun nomzod sifatida targ‘ib qilish va uni bu jarayonda qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga qaror qildi.

Bunga Platini FIFA tizimidagi poraxo‘rlik bilan bog‘liq mojarolarga aloqadorlikda gumon qilinib, 90 kunga futboldan chetlashtirilgani sabab bo‘ldi.

Ma'lum qilinishicha, bu qaror tekshiruvlar o‘tkazilganidan keyin qabul qilindi.

15 oktabr kuni UYeFA FIFAdan bu ayblov bo‘yicha yakuniy qarorni noyabr oyi boshlangunicha ma'lum qilishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni Shveytsariyada FIFA prezidenti Yozef Blatterga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Mazkur ish jarayonida Blatter Platini hisobiga ikki million Shveytsariya franki o‘tkazib bergani aniqlangan.

Shundan so‘ng, 8 oktabr kuni FIFA axloq qo‘mitasi UYeFA prezidenti va FIFA vitse-prezidenti Mishel Platini , shuningdek FIFA Bosh kotibi Jyerom Valkeni o‘z lavozimidan vaqtinchalik chetlatdi.

Ma'lum qilinishicha, Platini FIFAdan 1998-2002 yillar davomidagi faoliyati uchun 1,05 mln frank pul olgan.

Reyter nashrida yozilishicha, Blatter bu pullar "jyentlmenlarcha kelishuv" asosida berilgani haqida aytgan.

Shveytsariya qonunchiligi bo‘yicha, xodim o‘zi ishdan ketgan joydan 5 yil muddat o‘tgach, maosh olish huquqiga ega bo‘lmaydi.

G‘arb jurnalistlari 2011 yilda FIFA prezidentligi uchun saylovda Platini Blatterning raqibi bo‘lgani, lekin saylov arafasida o‘z nomzodini qaytarib olganidan ham shubhalanishmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish