Sport | 11:18 / 16.10.2015
2755
2 daqiqa o‘qiladi

Denis Istomin Toshkentdagi "Chellenjyer" turnirida juftlik bahslari finaliga chiqa olmadi

Toshkentdagi Respublika olimpiya zaxiralari tennis maktabi kortlarida yakuniga yetib borayotgan “Chellenjyer” turkumiga kiruvchi, mukofot jamg‘armasi 125 ming dollardan iborat bo‘lgan turnirning asosiy to‘r bahslari o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirdi.

Musobaqada birinchi raqam ostida tasniflangan Denis Istomin juftlik bahsida yarim final chiptasini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi.

Belaruslik Aleksandr Buriy bilan juftlik hosil qilgan Istomin final ostonasida germaniyalik Andre Begemann hamda asli rossiyalik, ayni paytda Yangi Zelandiya sharafini himoya qilayotgan Artem Sitakga 4:6, 2:6 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Ta'kidlash joiz, Istomin kechaning o‘zida uchta uchrashuvda kortga chiqdi. Yomg‘ir sabab o‘yinlar bir kun keyinga kechiktirilgandi.

Denis Istomin kecha yakkalikda ikkinchi davra hamda chorak final uchrashuvlarida ishtirok etdi va har ikkisida raqiblarini uch set natijasiga ko‘ra mag‘lubiyatga uchratdi.