Sport | 08:09 / 16.10.2015
4709
3 daqiqa o‘qiladi

Qatardagi JChda O‘zbekiston terma jamoasi yettinchi o‘rinni egalladi

Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan 9 nafar sportchidan 6 nafari sovrindorlar safidan o‘rin egalladi

Bu chempionatda 10ta medallar shodasi o‘ynaldi. O‘zbekiston terma jamoasi medallar sifatiga ko‘ra yettinchi bo‘ldi. Birinchi o‘rinni 4ta oltin, 2ta kumush va bitta bronza olgan Kuba terma jamoasi egalladi. Ikkinchi o‘rinda — Rossiya (2-1- 1), uchinchi o‘rinda — Ozarbayjon (1-1-2), to‘rtinchi o‘rinda – Irlandiya (1-1-1), beshinchi va oltinchi o‘rinlarda – Fransiya hamda Marokash terma jamoalari joylashdi (1-0-0).

Medallarni qo‘lga kiritish borasida o‘zbekistonliklar Kuba terma jamoasidan keyin ikkinchi bo‘lishdi. 1993 yildan buyon jahon chempionatlarida mustaqil jamoa sifatida ishtirok etib kelayotgan boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bir chempionatda 6ta medalga sazovor bo‘lmagandi.

Bundan tashqari mazkur musobaqada hozircha uch nafar charm qo‘lqop ustalarimiz 2016 yili Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga litsenziyani qo‘lga kiritdilar. Bugun yana bir yo‘llanma uchun Elnur Abduraimov (-60 kg) ringga ko‘tariladi (ushbu jang Toshkent vaqti bilan 21:00da boshlanadi).

Bevosita jahon chempionati sovrindorlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, finalga qadar kechgan janglarni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgan Murodjon Ahmadaliyev (-56 kg), Fazliddin G‘oipnazarov (-64 kg) va Bektemir Meliqo‘ziyev (-75 kg) jahon chempionatining kumush medallari bilan taqdirlandilar.

Terma jamoamiz hisobiga bronza medallarini Elnur Abduraimov (-60 kg), Elshod Rasulov (-81 kg) va Bahodir Jalolov (+91 kg) keltirdilar.

Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, Elshod Rasulovdan tashqari qolgan besh nafar sportchimiz Jahon chempionatida ilk bor sovrindorlar safidan o‘rin egallashdi.

O‘zbekiston vakillari jahon chempionati davomida Kuba, Rossiya, Italiya, Qozog‘iston, Tailand, Hindiston, Turkiya, Gruziya, Fransiya, Irlandiya, Jazoir, Yangi Zelandiya, Mo‘g‘uliston, Venesuela va Iordaniya kabi 15 davlat vakillarini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lishdi.

Xususan, Tailandning uch nafar, Qozog‘iston, Italiya, Jazoir va Yangi Zelandiya terma jamoalarining ikki nafardan, Kuba, Rossiya, Irlandiya, Mo‘g‘uliston, Turkiya, Venesuela, Hindiston, Fransiya, Iordaniya va Gruziya terma jamoalarining bir nafardan sportchisini mag‘lub etishdi.

O‘zbekiston terma jamoasi 18 oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 01:30da Vatanimizga qaytib keladi.

Ma'lumot uchun, boks bo‘yicha 2017 yilgi jahon chempionati Germaniyaning Gamburg shahrida o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish