Jahon | 16:03 / 19.10.2015
5978
2 daqiqa o‘qiladi

Anqaradagi terakt ijrochilaridan birining shaxsi aniqlandi

10 oktabr kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida amalga oshirilgan qonli terakt ijrochilaridan birining shaxsi tasdiqlandi. Bu haqda mahalliy "AXaber TV" telekanali orqali Turkiya bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘lu ma'lum qildi.

"Anqarada o‘zini portlatgan ikki terrorchidan birining shaxsi ma'lum. Ikkinchisining shaxsini aniqlash bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda", deydi bosh vazir.

Uning ma'lum qilishicha, bu terakt tashkilotchiligida gumon qilingan 102 kishi hibsga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 10 oktabr kuni Turkiyaning Anqara shahri markazida kurdlar tomonidan "Tinchlik va demokratiya uchun" shiori ostida mamlakat hukumatiga qarshi norozilik namoyishi uchun yig‘ilgan hududda xudkush-terroristlar tomonidan 2 marta terakt sodir etilgan edi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, bu terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 102 nafarga yetgan.

Bu terakt tashkilotchilari sifatida qo‘lga olinganlar IShID va Kurdiston ishchilar partiyasi a'zolari hisoblanishadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish