Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
GM Uzbekistan yengil sinfga oid avariya-qutqaruv mashinalarini ishlab chiqaradi
Yangi texnika turli shoshilinch vaziyatlarda favqulodda xizmatlarning harakatchanligi va tezkorligini ta'minlaydi. Birinchi partiyada 14 dona texnika taqdim etiladi.
O‘zbekiston FVV GM Uzbekistan zavodi bilan hamkorlikda vazirlik texnika parkini to‘ldirishga xizmat qiladigan yengil sinfga oid avariya-qutqaruv mashinalarini sotib oladi. Bu haqda Sputnik agentligi vazirlikning avariya-qutqaruv kuchlari boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik Shuxrat Azimov ma'lumotiga asoslanib xabar berdi.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda texnik masalalar tayyorlangan bo‘lib, imkoni tug‘ilsa, shu yilning o‘zida maxsus jihozlangan 14 dona yengil sinfga oid avtomobillardan iborat sinov partiyasi sotib olinadi.
Yangi avtomobil maxsus loyihalashtirilgan texnik bo‘lmali “Damas” bazasida tayyorlanadi. 5 nafargacha ekipaj a'zosi bilan birgalikda, transport vositasi qutqaruv ishlari jarayonida foydalaniladigan barcha zarur uskuna va aslaha-anjomlar bilan ta'minlanadi.
Yengil avariya-qutqaruv transportini to‘ldirish va jihozlash ishlarini mazkur sohaga ixtisoslashgan boshqa kompaniyalar amalga oshiradi. Shu maqsadda FVV O‘zbekiston bozorida ishlayotgan firmalarni tender asosida tanlaydi.
FVV hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda respublika miqyosidagi mavjud barcha 17ta avariya-qutqaruv bo‘linmasiga 2-3tadan xuddi shunday mashinalar zarur. Vazirlik avtoparkida 3 sinfga oid maxsus transport vositalari majud. Yengil singa mansublaridan tashqari, 9 nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan og‘ir hamda 7 kishidan iborat o‘rtacha sinf texnikalari faoliyat ko‘rsatadi. Xarid qilingan zamonaviy texnikalar safida mahalliy “MAN” shassisi bazasida bunyod etilgan ikkita katta va bitta “Isuzu” bazasida qurilgan o‘rta sinfga mansub texnika ham mavjud. Shunday qilib, bugungi kunda FVV bo‘linmalarining zamonaviy texnika va asbob-uskunalar bilan ta'minlanganligi darajasi 97 foizni tashkil etadi.
Qutqaruvchilar uchun texnik vositalarning katta qismi xorijdan, Yevropa ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinmoqda. Vazirlik mutaxassislari doimiy ravishda chet eldagi yirik ko‘rgazmalarda ishtirok etib, sohadagi yangiliklar va trendlarni kuzatib borishmoqda. Ularning ko‘pchiligi dastlab sinov partiyasi sotib olinib, aprobatsiyadan o‘tganidan so‘ng esa amaliyotda keng qo‘llanilmoqda.