Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ijtimoiy fikr: deyarli 90 foiz aholi O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadi
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi mamlakatimizda millatlararo munosabatlar va uning rivojlanish tendensiyalari, jamiyatimizda tinchlik, barqarorlik, totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilayotgan omillarga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi.
1999 yildan 2015 yilga qadar o‘tkazilgan shunday ijtimoiy so‘rovlar natijalari O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik, jamiyatimizda qaror topgan millatlararo totuvlik mustaqilligimizning eng muhim yutuqlaridan biri ekanidan dalolat beradi. Xususan, 1999 yilda o‘tkazilgan so‘rovda ishtirokchilarning 97,1, 2013 yildagi so‘rov qatnashchilarining 98,6 va joriy yilda tashkil qilingan so‘rovda ishtirok etganlarning 99,6 foizi shunday fikr bildirgan. Ularning ta'kidlashicha, Prezidentimiz tomonidan uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan oqilona siyosat, davlatning o‘z fuqarolariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgani, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalardagi barqarorlik, etnik va diniy bag‘rikenglik millatlar hamda fuqarolar totuvligining muhim omillaridir.
“O‘zbekiston fuqarosi ekaningizdan qalbingizda qanday tuyg‘ular kechadi?” degan savolga so‘ralganlarning aksariyati «Faxrlanish», deb javob bergan. Bu ko‘rsatkichning yildan yilga o‘sib borayotgani diqqatga sazovordir. Masalan, 2013 yilda so‘rov qatnashchilarining 68,5 foizi, 2010 yilda 76,8, 2015 yilda esa 89,5 foizi shunday fikr bildirgan.
Tadqiqot ishtirokchilari (98,5 foizi) fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan huquq va erkinliklariga rioya etilayotganini yuqori baholaydi. Shunisi e'tiborliki, barcha yosh guruhlari vakillari O‘zbekiston fuqarosi ekanidan faxrlanadi va ushbu ko‘rsatkich o‘tkazilgan ko‘plab so‘rovlar davomida o‘zgarmasdan kelmoqda.
Ijtimoiy tadqiqot davomida mamlakatimizda millatlararo munosabatlar barqarorligini ta'minlashda Respublika Baynalmilal madaniyat markazi va milliy madaniyat markazlari muhim o‘rin tutayotgani ta'kidlandi. «Ijtimoiy fikr» markazi tomonidan aholi o‘rtasida ko‘p yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan so‘rovlar millatlararo totuvlikning barqarorligi millatlararo munosabatlarning muhim jihati ekanini tasdiqlash imkonini beradi. Mamlakatimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari shu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. 2003 yilda so‘rov qatnashchilarining 80,1 foizi, 2008 yilda 83,7, 2015 yilda esa 94,8 foizi O‘zbekistonda millatlararo munosabat «juda yaxshi» va «yaxshi» deb baholagan.
So‘rov natijalari shundan dalolat beradiki, mamlakatimiz fuqarolari kelajakda millatlararo munosabatlar bundan ham mustahkamlanishiga ishonadi. Ishtirokchilar mamlakatimizdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqaror, jamiyatimizda tinchlik va fuqarolar totuvligi hukm surayotganini ijobiy, deb baholamoqda.
"Muxtasar aytganda, mazkur ijtimoiy tadqiqot aholining 24 yillik mustaqil taraqqiyotimiz davomida jamiyatimizda qaror topgan tinchlik, barqarorlik, millatlar va fuqarolararo totuvlikni yuqori baholashidan dalolat beradi. Ular Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan oqilona va samarali milliy siyosat buning asosiy kafolati, deb biladi", deyiladi xabarda.