Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Stiven Xarper Kanada bosh vazirligi lavozimini tark etdi
Kanadani deyarli 10 yildan buyon bosh vazir sifatida boshqarib kelgan siyosatchi Stiven Xarper 19 oktabr kungi parlament saylovlarida mag‘lubiyatga uchragach, o‘z lavozimini tark etdi.
42-parlament saylovida uning yetakchiligidagi Konservatorlar partiyasi liberallarga mag‘lub bo‘ldi.
"Keyingi 9 yildan ortiq vaqt davomida men Kanada bosh vaziri sifatida ishlaganimdan g‘ururlanaman. Bu juda ajoyib davr bo‘ldi", dedi u Alberta viloyatidagi Kalgari shahridagi saylovchilar qarshisida.
"Saylovning dastlabki natijalaridan ko‘rinib turibdiki, bizning mo‘ljalimizdagi natijalar qayd etilmadi. Xalq tanlovda adashmaydi. Biz liberallar yetakchisi Jastin Tryudo va uning jamoasini g‘alaba bilan qutlaymiz hamda ularga omadlar tilaymiz", deya qo‘shimcha qilgan siyosatchi.
U shuningdek, Konservatorlar partiyasi rahbarligidan ham ketishini ma'lum qildi.
Xarper bu partiyani 2004 yilning 20 mart kunidan buyon boshqarib kelayotgandi. Uning rahbarligida konservatorlar 2006, 2008 va 2011 yillardagi saylovlarda g‘alaba qilishgandi.
Xarper Kanadaning 22-bosh baziri hisoblanardi.
Partiyaning navbatdagi yetakchisi parlament saylovlarining oxirgi natijalari e'lon qilinganidan so‘ng ichki saylov orqali saylanadi.
Mamlakat aholisi dushanba kuni Umumpalataning 338 o‘rniga nomzodlarni tanladi.
Ovoz byulletenlarining 83 foizi hisob-kitob qilingan holatda liberallar 338ta saylov okrugidan 187tasida yetakchilik qilishmoqda (39,9 foiz). Ikkinchi o‘rindagi konservativlarga 101ta okrugda ishonch bildirishgan (32,1 foiz). Uchinchi o‘rinda "Yangi demokratlar partiyasi" (39ta okrug va 19,1 foiz ovoz) joylashgan. To‘rtinchi o‘rinda Kvebek blogi (10ta okrug, 4,9 foiz), beshinchida "yashillar" (1ta okrug, 4 foiz).
Liberallarning 43 yoshli yetakchisi Jastin Tryudo Kanadaning sobiq bosh vazirlaridan biri Per Tryudoning o‘g‘li hisoblanadi. Uning partiyasi o‘rta sinf vakillari uchun soliqlarni kamaytirish, badavlat qatlam uchun esa soliqlarni oshirish siyosatini qo‘llashga va'da bergan.
Qayd etish kerakki, Kanadadagi parlament saylovlarida hukumatni shakllantirish uchun siyosiy partiyaga parlamentda ko‘p o‘rin egallashi shart hisoblanmaydi. Faqat saylovda raqibiga nisbatan ko‘proq ovoz yig‘ishi yetarli bo‘ladi.
"Yangi demokratik partiya" yetakchisi Tomas Malker liberallar bilan hamkorlik qilishini ma'lum qildi.